Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida xarid uchun taqdim etiladigan fiskal chek asosida avtomobil yutib olish imkoniyati joriy etilmoqda
2026-05-19 17:10:00 / Qo'mita yangiliklari

2026-yil 1-iyuldan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati hududida joylashgan savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarida onlayn nazorat-kassa texnikasi orqali amalga oshirilgan xaridlar bo‘yicha berilgan cheklar asosida har oyda yutuqli o‘yinlar o‘tkaziladi.
“Soliq” mobil ilovasida “Yutuqli o‘yinlar” platformasi joriy etiladi. Ushbu platforma har oy yakunlari bo‘yicha keyingi oyning 5-sanasiga qadar inson omilisiz avtomatik tarzda g‘oliblarni aniqlaydi.
Yutuqli o‘yinlarni o‘tkazish va g‘oliblarni taqdirlashning qonuniyligini nazorat qilish bo‘yicha Komissiya tashkil etiladi.
Har oylik yutuqli o‘yinlarning bosh sovrini sifatida avtomobil belgilanadi. Qo‘shimcha ravishda boshqa rag‘batlantiruvchi sovrinlar ham nazarda tutilishi mumkin.
Shu bilan birga, oy yakunlari bo‘yicha xaridlar summasining 1 foizini qaytarishning amaldagi mexanizmi belgilangan tartibda saqlab qolinadi.
VMQ-254, 18.05.2026-y.
Mazkur tashabbus fiskal intizomni rag‘batlantirish, hisob-kitoblarning shaffofligini oshirish hamda aholi va tadbirkorlik subyektlarida onlayn kassa texnikasidan foydalanish madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan.
Soliq solish metodologiyasi departamenti
