Tekin pishloq...
2026-05-18 15:25:00 / Qo'mita yangiliklari

Mamlakatimiz soliq tizimida raqamlashtirish jarayonlari jadal surʼatlar amalga oshirilmoqda. Xususan, savdo va xizmat koʻrsatish sohasida onlayn nazorat-kassa mashinalardan foydalanishning joriy etilishi iqtisodiyotda naqdsiz toʻlovlar ulushini kengaytirish, shaffof va qonuniy tizimni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Iqtisodiyotda yashirin aylanmalarni keskin qisqartirish, xarid va xizmatlar uchun toʻlovlarni rasmiylashtirishga ragʻbat uygʻotish maqsadida joriy etilgan keshbek tizimi aholining fiskal chek talab qilish madaniyatini yuksaltirish, soliq intizomini mustahkamlashda muhim omilga aylandi.
Biroq ayrim fuqarolar va “tadbirkor”lar orasida mazkur tizimni notoʻgʻri talqin qilib, bilib-bilmay oʻz manfatlari yoʻlida foydalanish holatlari ham uchramoqda.
Yaʼni, ijtimoiy tarmoqlarda soxta chek sotish maqsadida turli guruhlar tashkil etib, ular orqali maʼlum bir haq evaziga uchinchi shaxslarga aslida oʻzlari amalga oshirmagan xaridlari uchun soxta fiskal cheklarni sotish holatlari kuzatilmoqda.
Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda shaxsi nomaʼlum bir telegram guruh admini oʻz foydalanuvchilariga xaridni amalga oshirmasdan ham kam summa evaziga chek sotib olib, keshbek olish mumkinligi va ularga uydan chiqmagan holda qoʻshimcha, oson daromad topish mumkinligi yuzasidan ovozli murojaat yoʻllangan.
Ogoh boʻling!
“Soliq” mobil ilovasi yordamida savdo shoxobchalari yoki xizmat koʻrsatish nuqtalarida faqat oʻzingiz amalga oshirgan xaridingiz hamda foydalangan xizmatingiz uchun taqdim etilgan fiskal cheklarni roʻyxatdan oʻtkazing. Yuqoridagi kabi turli ijtimoiy tarmoqlar orqali yoki boshqa shaxslar tomonidan berilgan soxta xarid cheklarini roʻyxatdan oʻtkazmang!
Bu oʻz navbatida qonunga xilof hisoblanib, belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻlishi mumkin.
