TDIUda soliq madaniyatini oshirish mavzusida uchrashuv tashkil etildi
2026-05-18 16:30:00 / Qo'mita yangiliklari

Joriy yilning 18-may kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Soliq qo‘mitasi mutaxassislari hamda universitet talabalari ishtirokida “Soliq madaniyatini oshirish va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir aholining soliq savodxonligini yuksaltirish, yoshlar ongida soliqqa nisbatan mas’uliyat hissini shakllantirish hamda jamiyatda soliq madaniyatini mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda “Soliq to‘la – kelajakka hissa qo‘sh”, “To‘langan soliq – biznes ravnaqi” kabi shiorlar ostida keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Ushbu tashabbuslar orqali fuqarolar, ayniqsa yosh avlodning iqtisodiy va huquqiy bilimlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Uchrashuv davomida mutaxassislar tomonidan soliq madaniyatining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, yashirin iqtisodiyotning salbiy oqibatlari, rivojlangan davlatlar tajribasi hamda yurtimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Ta’kidlanganidek, soliqlarning o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishi davlat byudjetining barqarorligini ta’minlash, infratuzilmani rivojlantirish hamda aholi farovonligini oshirishda muhim omil hisoblanadi.
Shuningdek, tadbir davomida talabalar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ularni qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javoblar berildi. Muloqot jarayoni yoshlarning iqtisodiy jarayonlarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga xizmat qildi.
Mutaxassislar tomonidan bugungi yoshlarning huquqiy va iqtisodiy savodxonligini oshirish ertangi barqaror taraqqiyotning muhim omili ekani alohida ta’kidlandi. Bunday uchrashuvlar esa yoshlarni halollik, qonunlarga hurmat va iqtisodiy mas’uliyat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.



