Toʻlovga qobiliyatsizlik instituti yanada takomillashtirilmoqda
2026-05-15 09:10:00 / Qo'mita yangiliklari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toʻlovga qobiliyatsizlik institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2026-yil 6-maydagi PF-78-son Farmoni bilan Adliya vazirligi huzurida Toʻlovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi hamda uning hududiy boʻlinmalari tashkil etilib, uning asosiy vazifalari va maqsadlari belgilab berildi.
Farmonga muvofiq, sudgacha sanatsiya tizimini takomillashtirish hamda moliyaviy qoʻllab-quvvatlash vositalari kengaytirilmoqda.
Jumladan, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab:
▫️xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari tomonidan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, mol-mulk soligʻi, yer soligʻi hamda aylanmadan olinadigan soliqlarni, shu jumladan, ushbu soliqlar boʻyicha soliq tekshiruvlari asosida qoʻshimcha hisoblangan soliq va moliyaviy sanksiyalarni toʻlashni belgilangan tartibda kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati beriladi (bundan qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar mustasno);
▫️soliqlarni toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlashda garov mulki, bank kafolati yoxud sugʻurta polisi taqdim etilganda, moliyaviy holati va istisno etuvchi holatlar mavjudligidan qatʼiy nazar, soliq organlari tomonidan soliqlarni toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati beriladi;
▫️soliq organlariga soliqni toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisidagi arizalar soliq organlarining elektron davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi hamda koʻrib chiqish muddati:
✔️ 30 kundan 20 kunga qisqartiriladi.
Shuningdek, Farmon Dasturi bilan soliq toʻlash muddatlarini oʻzgartirish tartibini takomillashtirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritish va unda, qayd etilganlar bilan bir qatorda:
- yangi tartib boʻyicha qaror qabul qilish vakolatini hududiy soliq organlariga berish,
- ayrim hollarda soliq organi oʻrtasida onlayn kelishuv tuzish mexanizmini joriy etish,
- shartlarni tubdan yengillashtirish nazarda tutilgan.
