MUNOSABAT
2026-05-13 08:30:00 / Qo'mita yangiliklari

MUNOSABAT
Bugun Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli iqtisodiy islohotlarning asosiy maqsadi – adolatli, shaffof va barqaror iqtisodiy tizimni shakllantirishdan iborat. Zero, davlat taraqqiyoti va xalq farovonligi, eng avvalo, qonun ustuvorligi hamda halol iqtisodiy munosabatlarga tayanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–6098 sonli Farmoni bu boradagi muhim qadamlardan biri boʻldi. Mazkur hujjat nafaqat soliq tizimini takomillashtirish, balki mamlakat iqtisodiyotini “soya”dan chiqarish, tadbirkorlik muhitini yanada sogʻlomlashtirish va teng raqobatni taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda soliq organlari tomonidan savdo faoliyati bilan shugʻullanuvchi ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlarda savdo amaliyotlari P2P – plastik kartadan plastik kartaga pul oʻtkazmalari orqali amalga oshirilayotgan holatlar tahlil qilinmoqda. Afsuski, bunday operatsiyalar orqali tushgan ayrim daromadlar soliq hisobotlarida aks ettirilmasligi natijasida davlat budjetiga tegishli tushumlar toʻliq shakllanmay qolmoqda.
Shu munosabat bilan soliq organlari tomonidan yuridik shaxslarda faoliyat yurituvchi rahbar xodimlarning bank plastik kartalariga kelib tushgan mablagʻlar yuzasidan tahliliy oʻrganishlar olib borilmoqda. Aniqlangan holatlar asosida soliq hisobotlarida aks ettirilmagan daromadlar boʻyicha tegishli choralar koʻrilmoqda hamda soliq toʻlovchilarga xabarnomalar yuborilmoqda.
Bu jarayon jazolash yoki bosim oʻtkazish emas, balki iqtisodiy adolatni taʼminlash, yashirin aylanmalarni qisqartirish va halol mehnat qilib, qonun doirasida ish yuritayotgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Chunki har bir toʻlangan soliq – bu mamlakat taraqqiyoti, yangi yoʻllar, maktablar, shifoxonalar va xalq farovonligi uchun qoʻyilgan hissadir.
Soliq organlari barcha tadbirkorlik subyektlarini amaldagi qonunchilikka qatʼiy rioya qilishga, savdo tushumlarini toʻliq rasmiylashtirishga va soliq hisobotlarida haqqoniy aks ettirishga chaqiradi.
Zero, shaffof iqtisodiyot – ishonchli davlat, kuchli jamiyat va barqaror kelajakning eng mustahkam poydevoridir.
