Markirovkalangan mahsulotlarni quyish va yetkazib berish tartibi
2026-05-02 14:00:00 / Qo'mita yangiliklari

Markirovkalangan mahsulotlarni quyish va yetkazib berish tartibi
Markirovkalangan mahsulotlar hisobini optimallashtirish va qulay sharoitlar yaratish maqsadida Soliq qo‘mitasi tomonidan umumiy ovqatlanish sohasi, jumladan “Fast food”, yetkazib berish xizmatlari hamda mehmonxona sohasida ularni hisobdan chiqarishning alohida mexanizmi joriy etildi.
Markirovkalangan mahsulotlarni soddalashtirilgan hisobga olish tizimiga o‘tish uchun soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali markirovkalangan tovarlarni realizatsiya qilish (quyish, yetkazib berish va h.k.) bo‘yicha ariza topshirish lozim:
➡️ my3.soliq.uz ➡️ “Onlayn-NKT ma’lumotlari” ➡️ “Quyish va boshqa faoliyat (markirovka)” bo‘limi.
Ariza tasdiqlangandan so‘ng, markirovka kodlarini chekda (avans chekda) to‘g‘ri aks ettirish uchun onlayn-NKT texnik xizmat ko‘rsatish markaziga murojaat qilish zarur.
Yangilash jarayonidan keyin markirovkalangan mahsulot ombordan realizatsiya yoki iste’mol joyiga o‘tkazilishidan oldin 2D-skannerdan foydalaniladi. Uning yordamida nol summali “avans chek” shakllantiriladi va markirovka kodi tizimdan hisobdan chiqariladi.
Soʻng, tadbirkor oʻz faoliyatiga mos MXIKni koʻrsatgan holda, markirovka kodi aks ettirilmagan kassa chekini xaridorga taqdim etadi.
Hisob-kitobda markirovkalangan mahsulot bo‘yicha qo‘shimcha operatsiyalar talab etilmaydi.
Ma’lumot uchun: markirovkalangan mahsulotni onlayn-NKT orqali sotishda faqat markirovka kodi skaner qilinadi, chunki u shtrix-kod ma’lumotlarini ham qamrab oladi. Qo‘shimcha shtrix-kod skanerlash talab etilmaydi.
Qo‘llanmalar bilan bu yerda tanishib oling
Markirovkalangan mahsulotlar hisobini soddalashtirish bo‘yicha takliflar Soliq qo‘mitasining Raqamli markirovka qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish inspeksiyasida quyidagi telefonlar orqali qabul qilinadi: (71) 244-98-09 (ichki: 01635, 01592, 01377, 01392, 01248).
