Soʻnggi kunda Sirdaryo viloyatida sodir boʻlgan holat yuzasidan
2026-04-29 19:20:00 / Qo'mita yangiliklari
Yana poraxoʻr soliqchi qoʻlga tushdi: Sirdaryo viloyatidagi holat yuzasidan munosabat
Soʻnggi kunda Sirdaryo viloyatida sodir boʻlgan holat yuzasidan tarqalayotgan xabarlar boʻyicha bir jihatga alohida eʼtibor qaratish lozim. Avvalo, korrupsiya — insoniyat tarixi davomida turli koʻrinishlarda uchrab kelgan salbiy illat. Afsuski, u hech bir soha yoki tizimni chetlab oʻtmaydi, soliq tizimi ham bundan mustasno emas.
Biroq bu kabi alohida holatlar tizimning umumiy holatiga baho berish uchun yagona mezon boʻla olmaydi. Aksincha, aynan shunday qonunbuzarlik holatlarining fosh etilayotgani — tizimda shaffoflikni taʼminlash va uni tozalash boʻyicha amaliy ishlar olib borilayotganidan dalolat beradi.
Xususan, Sirdaryo viloyatidagi mazkur holat ham huquqni muhofaza qiluvchi organlar va soliq organlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi nazorat boʻlinmalari bilan hamkorlikda aniqlanib, oʻz vaqtida qonuniy choralar koʻrilgani — tizimda nazorat mexanizmlari ishlayotganining yaqqol isbotidir.
Bugungi kunda soliq organlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha aniq “yoʻl xaritasi” asosida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ichki xavfsizlik mexanizmlari kuchaytirilgan, doimiy monitoring va nazorat tizimi yoʻlga qoʻyilgan.
Shu nuqtayi nazardan, bitta alohida holatni umumlashtirib, butun soliq tizimi yoki uning rahbariyati shaʼniga putur yetkazish qanchalik toʻgʻri? Davlat xizmatchilari obroʻsiga asossiz putur yetkazish jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtirishi mumkin.
Albatta, jamoatchilik nazorati va tanqid muhim. Lekin har qanday tanqid xolis, asosli va adolatli boʻlishi kerak. Tizimda olib borilayotgan islohotlar va tozalash jarayonlarini ham inobatga olgan holda xulosa chiqarish — eng toʻgʻri yondashuvdir.
