Avval eʼlon qilingan rasmiy munosabatga qoʻshimcha ravishda, ijtimoiy tarmoqlarda koʻtarilgan masala yuzasidan quyidagilarga alohida eʼtibor qaratish lozim
2026-04-09 19:45:00 / Qo'mita yangiliklari

Avval eʼlon qilingan rasmiy munosabatga qoʻshimcha ravishda, ijtimoiy tarmoqlarda koʻtarilgan masala yuzasidan quyidagilarga alohida eʼtibor qaratish lozim.
Bugungi kunda Soliq qoʻmitasi tomonidan soxta (“obnal”) operatsiyalarni bartaraf etish, shuningdek, halol tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida zamonaviy, xavfga asoslangan soliq nazorati mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Amalga oshirilayotgan asosiy chora-tadbirlar:
– xavfli soliq toʻlovchilarni aniqlash va ularni doimiy monitoring qilish;
– shubhali kontragentlar zanjirini raqamli tahlil qilish;
– “obnal” sxemalarini erta bosqichda aniqlash va bartaraf etish.
Shu bilan birga, elektron hisobvaraq-fakturalar (EHF)ni real vaqt rejimida baholash tizimi amaliyotga joriy etilgan.
Mazkur tizim imkoniyatlari:
– jami EHFlarning taxminan 90 %ini past xavfli operatsiyalar sifatida baholash;
– 10 %gacha boʻlgan yuqori xavfli operatsiyalarni aniqlash va nazoratga olish.
Yuqori xavf darajasiga ega EHFlar boʻyicha QQSni budjetga toʻlanganidan soʻng hisobga olish imkoniyati mavjud.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, EHFning “yashil” toifaga kiritilishi kontragentning toʻliq ishonchli ekanligini anglatmaydi.
Soxta bitimlarning oldini olish uchun tadbirkorlar quyidagilarga alohida eʼtibor qaratishlari zarur:
– tovar yoki xizmatning haqiqiy mavjudligini tekshirish;
– bozor narxlariga nisbatan asossiz past yoki shubhali takliflardan ehtiyot boʻlish;
– kontragentda zarur xodimlar, resurslar va faoliyat mavjudligini baholash;
– real iqtisodiy mazmunga ega boʻlmagan operatsiyalardan voz kechish;
– “qogʻozdagi” operatsiyalar yoki naqdlashtirish takliflarini rad etish.
Soliq kodeksining 15-moddasiga muvofiq, kontragentni tanlashda ehtiyotkorlik bilan yondashish tadbirkor uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Kontragentni tekshirishda quyidagi jihatlarga alohida eʼtibor qaratish mumkin:
– soliq organlarida roʻyxatdan oʻtganligi;
– ishbilarmonlik obroʻsi, rahbar va taʼsischilari;
– ishlab chiqarish bazasi va xodimlar mavjudligi;
– moliyaviy holati;
– shartnoma majburiyatlarini bajarish qobiliyati;
– barqarorlik reytingi.
Mazkur maʼlumotlarni olish imkoniyatlari:
– my3.soliq.uz portalidagi shaxsiy kabinet orqali “Kontragent haqida maʼlumot” xizmati yordamida (kontragent roziligi asosida);
– shuningdek, ihamkor.uz ochiq axborot manbasi orqali.
Soliq qoʻmitasi halol tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqlarini himoya qilish hamda teng va shaffof raqobat muhitini taʼminlashni ustuvor vazifa deb biladi.
