Zargarlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchilarga QQSni qaytarish va soliq bazasini aniqlash tartibi tasdiqlandi
2026-04-09 16:05:00 / Qo'mita yangiliklari

Zargarlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchilarga QQSni qaytarish va soliq bazasini aniqlash tartibi tasdiqlandi
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 7-noyabrdagi 745-son qaroriga qo‘shimcha kiritilib, zargarlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga budjetga to‘langan QQSning bir qismini qaytarish hamda QQS bazasini aniqlash tartibi to‘g‘risida vaqtinchalik nizom qabul qilindi.
Ushbu nizomga muvofiq:
- 2028-yil 1-yanvarga qadar zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va (yoki) ularni chakana sotish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga 2026-yil 1-yanvardan boshlab budjetga to‘langan QQSning 80 foizi respublika budjetidan qaytariladi.
Soliq summasini qaytarishda tovar aylanmasi va to‘langan QQSning bir qismi quyidagi mezonlar orqali aniqlanadi:
▫️ mulk yoki ijara huquqlari asosida foydalaniladigan ko‘chmas mulkka ega ekanligi;
▫️ soliq davrida zargarlik buyumlarini o‘zida ishlab chiqarilgan va (yoki) chakana sotishdan (realizatsiya) qilishdan umumiy tushum MXIK bo‘yicha EHF, onlayn-NKT va elektron tijorat platformalari (marketpleys) orqali shakllantirilgan chek ma’lumotlari asosida aniqlanganda, jami tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadning 80 foizi va undan ortiq bo‘lishi;
▫️ hisobot oyida hisoblangan soliq summasiga nisbatan to‘langan soliq summasi mavjud bo‘lishi.
Bunda to‘langan QQSning bir qismi quyidagi shartlar to‘liq bajarilganda avtomatik ravishda qaytariladi:
- hisobot davrida taqdim etilgan soliq hisobotiga muvofiq hisoblangan QQS ushbu hisobot davrining 1-sanasidan 20-sanasiga qadar budjetga to‘liq to‘langanda (bunda hisobot davridan oldingi oylarda ortiqcha to‘langan soliq summasi ham inobatga olinadi);
- hisobot davrida zargarlik buyumlarini o‘zida ishlab chiqarilgan va (yoki) sotishdan umumiy tushum jami daromadning kamida 80 foizini tashkil qilganda;
- EHFlarda yoki onlayn-NKT cheklarida realizatsiya qilingan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasi hamda faoliyatning o‘ziga xos xususiyatlariga mos identifikatsiya kodlari aks ettirilgan bo‘lsa.
Ushbu shartlarga javob berilmaganda soliq summasini qaytarish soliq organlari tomonidan rad etiladi.
Tadbirkorlik subyektlari ushbu QQSni qaytarib olish uchun mobil ilova yoki shaxsiy kabinet orqali murojaat qilgandan so‘ng, soliq organlari 1 ish kuni ichida xulosani G‘aznachilikka yuboradi.
Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar QQSning soliq bazasini zargarlik buyumlari va yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish narxi hamda ular tarkibidagi qimmatbaho metallar va toshlar narxi o‘rtasidagi ijobiy farqdan kelib chiqib aniqlaydi.
Bunda:
▪️ realizatsiya narxidan faqat “Navoiy KMK” AJ, “Olmaliq KMK” AJ va birja savdolari orqali boshqa subyektlardan sotib olingan qimmatbaho metallar narxi hamda import qilingan qimmatbaho toshlar narxini chegirib tashlashga ruxsat etiladi;
▪️ ishlab chiqaruvchilar zimmasiga EHF rasmiylashtirishda Soliq qo‘mitasi axborot tizimiga buyumlarning asillik darajasi, tarkibidagi qimmatbaho metallar va toshlar miqdori hamda qiymati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish vazifasi yuklanadi;
▪️ qimmatbaho metallar va toshlar qiymati Soliq qo‘mitasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadigan narxlar asosida hisoblanadi.
VMQ-154-son, 09.04.2026-yil.
