2026-yilning I-choragida amalga oshirilgan xalqaro hamkorlik
2026-04-02 16:00:00 / Qo'mita yangiliklari
«Huawei Tech. Investment Tashkent» MChJ bilan – 20.01.2026
2026-yil 1-yanvardan O‘zbekiston Respublikasi soliq qonunchiligiga kiritilayotgan asosiy o‘zgartirishlar va ularning soliq to‘lovchilar faoliyatiga ta'siri hamda soliq ma'muriyatchiligining o‘ziga xos jihatlari bilan tanishish shuningdek, «Huawei Tech. Investment Tashkent» MChJning faoliyatiga hamda ayrim soliq solish masalalariga doir savollarga aniqlik kiritildi.
XVJ bilan
26.01.2026
XVJning O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy vakili Koba Gvenetadze so‘roviga asosan, kelgusidagi hamkorliklarni muhokama qilish maqsadida uchrashuv tashkil etildi.
04.01.2026
XVJning O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy vakili Georgiy Kandelaki bilan «Soliq ma'muriyatchiligini diagnostik baholash vositasi» (TADAT) bo‘yicha taqdim etilgan hisobot va undagi baholarni (ko‘rsatkichlarni) muhokama qilish maqsadida uchrashuv tashkil etildi.
16.02.2026 – 27.02.2026
Torsten Kamberlend boshlig‘ida TADAT hisobotida qayd etilgan tavsiyalar asosida Soliq qo‘mitasining «Soliq organlari faoliyati ustidan nazorat qilish departamenti» tarkibida tashkil etilgan «Soliq organlarida operasion xavflarni tahlil qilish» bo‘limi faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida XVJning missiyasi tashkil etildi.
Mazkur missiya doirasida turli inspeksiyalardan soliq organlari vakillari ishtirok etdilar.
31.03.2026
XVJ missiyasiga O‘zbekiston bo‘yicha missiya rahbari janob Yasser Abdix boshchilik qildi. Uchrashuvda XVJ tomonidan Alexandro Simon – XVJning Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlari departamenti bosh iqtisodchisi, Koba Gvenetadze – XVJning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari, Sarvar Axmedov va Maxamatutkir Uktamov – XVJning O‘zbekistondagi vakolatxonasi iqtisodchilari shuningdek, Georgiy Kandelaki – Soliq qo‘mitasidagi XVJning doimiy vakili ishtirok etdi. Xalqaro ekspertlarga soliq ma'murchiligi sohasidagi islohotlarning asosiy maqsadi va barcha soliq to‘lovchilar uchun teng sharoitlarni ta'minlovchi adolatli, shaffof va tushunarli soliq tizimini shakllantirishdan iborat ishlar amalga oshirilayotganligi ma'lum qilindi.
Mazkur maqsadlar XVJ ekspertlari va OTB tomonidan o‘tkazilgan TADAT (Tax Administration Diagnostic Assessment Tool) baholash natijalari asosida tayyorlangan 2030 yilgacha soliq ma'murchiligini isloh qilish strategiyasi loyihasida o‘z aksini topganligi va ayni paytda ushbu hujjatni Hukumat darajasida tasdiqlash uchun kelishish jarayonlari yakunlanayotganligi bildirildi.
Shuningdek, XVJ missiyasiga yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq bazasini kengaytirish masalalariga alohida e'tibor qaratilayotgani ma'lum qilindi va bunda ikki ustuvor yo‘nalish ya'ni, raqamlashtirish va katta ma'lumotlar asosida tahliliy nazorat instrumentlarini kuchaytirish hamda halol soliq to‘lovchilar uchun soliq ma'murchiligini yanada soddalashtirish belgilanganligi qayd etildi.
Bundan tashqari, 2026-yilda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar jumladan, ko‘chmas mulk va qurilish materiallari bo‘yicha soliq bazasini bozor qiymatidan kelib chiqib belgilash, soliqdan bo‘yin tovlash uchun javobgarlikni kuchaytirish, QQSni ma'murchiligida yangi yondashuvlar hamda 2026-yil 1-apreldan ayrim tovar va xizmatlar bo‘yicha hisob-kitoblarni to‘liq naqdsiz shaklga o‘tkazish choralari haqida batafsil ma'lumot berildi.
IHTT Global Forum – 27.01.2026-30.01.2026
IHTT Global Forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi uchun soliqqa oid masalalarda shaffoflik va axborot almashinuvi bo‘yicha kompleks baholash (Peer Review) missiyasi doirasida delegasiya rahbari Amrita Singx Axudja hamda delegasiya a'zolari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
OTB bilan – 10.02.2026
O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasida Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latovning Osiyo taraqqiyot banki delegasiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Delegasiyaga OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya xonim boshchilik qildi.
Uchrashuv davomida Soliq qo‘mitasi va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida soliq ma'muriyatchiligini modernizasiya qilish, raqamlashtirish, shaffoflikni oshirish hamda soliq nazorati mexanizmlarini takomillashtirish yo‘nalishlarida mavjud hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi bilan - 25.02.2026
Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi B.Atamqulov va Soliq qo‘mitasi raisi F.Pulatov boshlig‘ida soliq sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik hamda kelgusidagi istiqbolli masalalarni muhokama qilish maqsadida uchrashuv tashkil etildi.
XVJ Kavkaz, Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston mintaqalarida salohiyatni oshirish markazi (CCAMTAC) bilan 12.03.2026-13.02.2026
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tasdiqlangan dasturiga muvofiq (2026-yil 7-martdagi 03/50.1-1-son), 2026-yil 12–13 mart kunlari Toshkent shahrida Kavkaz, Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston davlatlari soliq idoralari rahbarlarining III forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Xalqaro valyuta jamg‘armasining Kavkaz, Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston davlatlari uchun Mahalliy salohiyatni rivojlantirish markazi (CCAMTAC) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
XVJ tomonidan forum ishida Budjet-soliq masalalari departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Margaret Kotton, katta ekspertlar Stoyan Markov va Tadatsugu Matsudayra (onlayn formatda), shuningdek CCAMTAC direktori Xolger Floerkemeer ishtirok etdi. O‘zbekiston tomonidan Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Pulatov, G‘aznachilik raisi Abdulaziz Xaydarov hamda Davlat bojxona qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi.
Forumning asosiy mavzusi — yashirin iqtisodiyotni qisqartirish masalasi bo‘ldi.
Ishtirokchilar ta'kidlashicha, hozirgi sharoitda u tobora murakkab transchegaraviy shakllarni qabul qilmoqda — raqamli platformalar, nominal kompaniyalar, ofshor sxemalar hamda foydani sun'iy ravishda qayta taqsimlash orqali amalga oshirilmoqda. Yashirin iqtisodiyotning yuqori darajasi nafaqat davlat byudjetiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘qotishlarga olib keladi, balki raqobat muhitini buzadi, rasmiy statistikani izdan chiqaradi, davlat institutlariga bo‘lgan ishonchni pasaytiradi hamda korrupsiya xavflarini oshiradi.
Xalqaro soliq munosabatlari boshqarmasi
