Aylanmadan olinadigan soliq hisobotlarini yuborish boʻyicha yoʻriqnoma
2026-02-10 17:10:00 / Qo'mita yangiliklari

Aylanmadan olinadigan soliq hisobotlarini yuborish boʻyicha yoʻriqnoma
2026-yildan boshlab aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha hisobotni taqdim etish tartibi proaktiv shaklda, yaʼni soliq organlari tomonidan avtomatik ravishda shakllantiriladi.
Shu bilan birga, soliq toʻlovchilar hisobotni taqdim etish muddati kelgunga qadar, yaʼni 16-fevral ham inobatga olingan holda umumiy tartibda mustaqil ravishda soliq hisobotini taqdim etish huquqiga ega.
Proaktiv tartibda, hisobotni taqdim etish muddati tugashidan 5 kun oldin, aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha hisobot soliq organlari tomonidan avtomatik ravishda shakllantirilib, soliq toʻlovchining my.soliq.uz saytidagi shaxsiy kabinetiga, "Soliq hisobotlarini yuborish" boʻlimiga joylashtiriladi.
Ochilgan oynada «Avtomat» tugmasini bosib, avtomatik tarzda shakllantirilgan soliq hisoboti bilan tanishish lozim.
Shundan soʻng, hisobotni oʻzgartishlar kiritmasdan yuborish yoki zaruratga koʻra "Oʻzgartirish" tugmasini bosgan holda tegishli tuzatishlarni kiritish mumkin.
Oʻzgartirishlar kiritilganidan so‘ng soliq hisobotini qayta shakllantirib, qaytadan yuborish lozim.
Agar belgilangan muddatda soliq toʻlovchi tomonidan hech qanday tuzatishlar kiritilmagan boʻlsa, bu avtomatik shakllantirilgan hisobotga rozilik bildirilganini anglatadi va ushbu hisobot soliq organlariga taqdim etilgan hisoblanadi.
Eslatma:
Aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha hisobot hisobot davri yakunlari boʻyicha, hisobot davridan keyingi oyning 15-sanasidan kechiktirmay taqdim etiladi.
