2025-yilda amalga oshirilgan xalqaro hamkorlik
2026-01-05 10:00:00 / Qo'mita yangiliklari
2025-yilda soliq organlarining 82 nafar xodimlari uchun malaka oshirish, qisqa muddatli kurslarda ishtirok etish va xalqaro darajadagi tadbirlarda qatnashish yuzasidan 19 ta (Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Xitoy Xalq Respublikasi va boshqa) davlatlarga xizmat safarlari tashkil etildi.
Shuningdek, 75 dan ortiq, jumladan Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Osiyo taraqqiyot banki, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Birlashgan millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturi, Xalqaro soliq va investisiya markazi, PwC kabi xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar vakillari, xorijiy soliq ekspertlar ishtirokida uchrashuv va seminarlar tashkillashtirildi.
Ushbu uchrashuvlarning 47 ta masofaviy shaklda tashkillashtirilgan bo‘lsa, 27 tasi Soliq qo‘mitasi binosida va 1 tasi boshqa hududda o‘tkazildi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan
2025-yil 24-yanvar sanasida Soliq qo‘mitasi vakillari va Xalqaro valyuta jamg‘armasi delegatsiyasi o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda XVJ va Soliq qo‘mitasi o‘rtasidagi keyingi hamkorlik holati va istiqbollari, jumladan XVJning O‘zbekistonga bo‘lajak missiyalari haqidagi ma’lumotlarni muhokama qilish, 2024-yil uchun soliq ma’muriyati va nazoratining asosiy ko‘rsatkichlari hamda Soliq qo‘mitasining 2025 yilga mo‘ljallangan rejalari bilan tanishildi.
Osiyo taraqqiyot banki bilan
2025-yil 17-fevral kuni Osiyo taraqqiyot bankining «Iqtisodiy boshqaruvni takomillashtirish dasturi» missiyasi doirasida Soliq qo‘mitasi Raisining birinchi o‘rinbosari M.Mirzayev hamda OTBning Davlat sektorini boshqarish va boshqarish sektor byurosi direktori Chidem Akin o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda OTB vakillari bilan 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan o‘rta muddatli daromadlar strategiyasi, soliq hisobotlarini avtomatlashtirishning samaradorligi, tizimda sun’iy intellektdan keng qamrovli foydalanish, 2025-2030 yillarda soliq ma’muriyatchiligi va soliq organlari faoliyatini rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilayotgan Strategiyani yanada takomillashtirish uchun OTB bilan hamkorlik qilishga doir masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida, Chidem Akin xonim Soliq qo‘mitasi tomonidan xorijiy rivojlangan mamlakatlarning ijobiy tajribasidan kelib chiqib, o‘rganilishi lozim bo‘lgan masalalar tarkibi shakllantirib berilsa, OTB texnik yordam asosida soliq xodimlari bilim ko‘nikmalarini oshirishi va ekspertlar jalb etilishi masalalari bo‘yicha doimiy hamkorlik qilishga tayyorligini ta’kidladi.
Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) 2025-yil 7‒18 aprel kunlari “Iqtisodiyotni boshqarishni takomillashtirish dasturi” missiyasi doirasida O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilganligi sababli, joriy yilning 16 aprel kuni OTB delegatsiyasi va Soliq qo‘mitasi Raisining birinchi o‘rinbosari M.Mirzayev rahbarligidagi vakillar bilan keng qamrovli uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan o‘rta muddatli daromad strategiyasi holati, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan topshiriladigan hisobotlarning avtomatlashtirishi, soliq qoidalariga rioya qilish va soliq tekshiruvlari uchun ITga asoslangan xavflarni baholash tizimini ishga tushirish, markaziy va hududiy darajalarda soliq ma’muriyati faoliyatini nazorat qilish uchun KPIlarni joriy etish, boshqa tegishli soliq siyosati va ma’muriyat islohotlari, QQSni qoplash kabi masalalarni muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida, Osiyo taraqqiyot banki tomonidan o‘zaro hamkorlik hamda o‘zlari uchun qiziqarli bo‘lgan savollarga batafsil ma’lumot olganliklari uchun Soliq qo‘mitasi vakillariga chuqur minnatdorchilik bildirildi.
PwC bilan
2025-yil 20-fevral kuni Soliq qo‘mitasi rahbariyati hamda PwC vakillari bilan biznes vakillari o‘rtasida Transfer narxlar bo‘yicha oldindan kelishuv (Advanced Price Agreement, APA) bitimi loyihasi yuzasidan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda PwC vakillari takliflari bilan tanishilib kelgusi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muhokama o‘tkazildi.
Huawei bilan
2025-yil 20-fevral kuni Soliq qo‘mitasi vakillari hamda Huawei kompaniyasi delegatsiyasi o‘rtasida axborot va raqamli biznesni rivojlantirishga qaratilgan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda O‘zbekistonda telekommunikatsiya, axborot va raqamli biznesni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish hamda texnik hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqildi. Shuningdek, uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va ularning O‘zbekistondagi faoliyatiga oid masalalarni muhokama qilindi.
Qozog‘iston Savdo va integratsiya vazirligi bilan
Joriy yilning 27-fevral sanasida Soliq qo‘mitasi Raisi boshchiligidagi vakillar hamda Qozog‘iston Savdo va integratsiya vazirligi delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Qozog‘iston tomoni so‘roviga asosan soliq tizimida tovarlarni markirovkalash yo‘nalishida erishilgan muvaffaqiyatli yutuqlar, bu boradagi ilg‘or tajriba bilan tanishtirish hamda ikki tomonlama hamkorlikni kuchaytirishni muhokama qilindi.
Jahon banki bilan
2025-yil 28-fevral sanasida Soliq qo‘mitasi vakillari va Jahon banki delegatsiyasi o‘rtasida «Moliya sektorni baholash dasturi (FCAP) doirasida» uchrashuv o‘tkazilib, uchrashuvda Jahon banki so‘roviga asosan jismoniy va yuridik shaxslardan soliq to‘lovlarini yig‘ish, soliq imtiyozlari, soliqlarni qaytarish, soliqlarni yig‘ishdagi xarajatlar va soliqlarni to‘lov usullari bo‘yicha taqdimot qilindi. Shuningdek, kelgusidagi hamkorliklar va uchrashuvlar bo‘yicha kelishib olindi.
Xuddi shunday, 2025-yil 3-mart sanasida «Kambag‘allik va tenglik» missiyasi doirasida Jahon banki delegatsiyasi bilan navbatdagi uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda soliq ma’lumotlaridan foydalangan holda fiskal yuklama ta’siri, mintaqaviy tengsizlikni tahlil qilish bo‘yicha Bank bilan hamkorlik, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha ma’lumotlar so‘rovi hamda kelgusidagi hamkorliklarni muhokama qilish rejalashtirildi.
Shuningdek, 2025-yil 7-mart sanasida Soliq qo‘mitasi vakillari va Jahon banki delegatsiyasi o‘rtasida sun’iy intellektga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda soliq tizimida sun’iy intellektdan samarali foydalanish va mazkur yo‘nalishdagi kelgusidagi hamkorlik, «Nazariyadan amaliyotga: Daromad ma’muriyati uchun strategik sun’iy intellekt integratsiya modeli» nomli ilmiy qo‘llanma bo‘yicha axborot berish shuningdek, Loyihaning 3-komponenti «Kadrlar va institusional salohiyatni oshirish» bo‘yicha ham muhokama qilindi.
Jahon bankining “Davlat moliyasini boshqarishni mustahkamlash va budjet ochiqligini oshirish” loyihasi doirasida joriy yilning 24-mart – 4-aprel kunlari O‘zbekistonda rejalashtirgan missiyasi davomida 1-aprel kuni Soliq qo‘mitasi vakillari bilan keng qamrovli uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda soliq to‘lovchilar tomonidan soliq organiga taqdim etiladigan elektron hisobotlarning avtomatlashtirilganligi, hisobotlarning Soliq kodeksi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan standartlar, shu jumladan davlat korxonalarining moliyaviy hisobotlari va ulardagi ma’lumotlardan foydalanish kabi mavzularda muhokamalar o‘tkazildi.
Bundan tashqari, moliya hisobotlarining milliy va xalqaro standartlari hamda milliy standartlarning xalqaro standartlariga moslashtirilishi yuzasidan tajriba va mulohaza almashinildi.
Shuningdek, tadbirkorlarning reyting ballari hisoblanishi, reyting ballarga ko‘ra tadbirkorlarga beriladigan imtiyoz va yengilliklar bo‘yicha ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakunida, Jahon banki ekspertlari tomonidan o‘zaro hamkorlik hamda o‘zlari uchun qiziqarli bo‘lgan savollarga batafsil ma’lumot olganliklari uchun Soliq qo‘mitasi vakillariga chuqur minnatdorchilik bildirildi.
Joriy yilning 9–13-iyun kunlari Jahon bankining Soliq ma’murchiligini isloh qilish dasturi – amalga oshirish yuzasidan qo‘llab quvvatlash missiyasi doirasida soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish loyihasini amalga oshirishning joriy holatini baholash va global soliq dasturi tomonidan moliyalashtiriladigan texnik yordam dasturi bo‘yicha muhokama o‘tkazildi.
2025-yilning 10-noyabrda Jahon banki ekspertlari bilan
- Soliq ma’murchiligini isloh qilish loyihasining joriy holati,
- Loyihani yakunlash sanasining texnik uzaytirilishi va uning davomiyligi,
- ikkinchi va uchinchi komponent doirasida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan tadbirlar muhokama qilindi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan
Xalqaro valyuta jamg‘armasining O‘zbekiston bo‘yicha missiyasi rahbari Yassir Abdix boshchiligidagi delegatsiyaning 3-17 aprel kunlari O‘zbekistonda missiyasi doirasida Soliq qo‘mitasi Raisining birinchi o‘rinbosari M.Mirzayev rahbarligidagi vakillar va delegatsiya a’zolari bilan joriy yilning 8-aprel kuni soat 11:30 qo‘mita binosida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida Soliq qo‘mitasining yaqin kelajakdagi strategik rejalari, soliq ma’murchiligida amalga oshirilgan so‘ngi yillardagi asosiy o‘zgarishlar, yirik soliq to‘lovchilar inspeksiyasi faoliyatini takomillashtirish, daromadlarni boshqarish, xavflarni baholash va boshqarish, xufiyona iqtisodiyotni kamaytirish bo‘yicha choralar, aktivlarni deklaratsiya qilish, foyda solig‘i tushumlari, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish hamda QQSni boshqarish, QQSni qaytarishga doir masalalar muhokama qilindi.
2025-yilning 14-16 aprel kuni Xalqaro valyuta jamg‘armasining Fiskal masalalari departamentining daromadlarni boshqarish bo‘limi katta iqtisodchisi Vinsent de Paul Kukpaizan boshchiligidagi delegatsiya va Soliq qo‘mitasi Raisining birinchi o‘rinbosari M.Mirzayev boshchiligidagi vakillar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda, Soliq qo‘mitasi kadrlari salohiyatini oshirish, Soliq qo‘mitasining yaqin kelajakdagi strategik rejalari hamda Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasini faoliyatini ko‘rib chiqish va uni takomillashtirish, xususan ushbu masalada amalga oshirilishi kutilayotgan missiya masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, missiya samaradorligini yanada kengaytirish maqsadida soliq qonunchiligiga rioya qilinishini boshqarish, eksportni boshqarish, aksiz solig‘i, maxsus soliq rejimi, yashirin iqtisodiyot va transchegaraviy elektron tijorat masalalarini muhokama qilish maqsadida qisqa muddatli uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv yakunida janob Vinsent de Paul Kukpaizan tomonidan Xalqaro valyuta jamg‘armasi Soliq qo‘mitasiga texnik yordam ko‘rsatishga tayyorligi bildirildi.
Joriy yilning 18-29 avgust kunlari Jahon bankining “Moliyaviy o‘sish” loyihasi yuzasidan O‘zbekistonga amalga oshirilayotgan missiyasi doirasida uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda:
- loyihani tayyorlash jarayonlarini qayta ko‘rib chiqish va ularning samaradorligini baholash,
- baholash bosqichigacha hal qilinishi lozim bo‘lgan mavjud kamchilik va masalalarni aniqlash,
- jahon banki tomonidan ishlab chiqilgan loyiha hujjatlarini Hukumat hujjatlari bilan muvofiqlashtirish;
- loyihani amalga oshirishga tayyorlik darajasini tasdiqlash hamda keyingi qadamlarni belgilab olish masalalari muhokama qilindi.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bilan
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHTT) Soliq siyosati va ma’murchiligi markazi 13-minimal standartni joriy qilish guruhi rahbari Nikol Keysining 2025 yil 3-4 aprel kunlari O‘zbekiston BEPS Inklyuziv dasturiga a’zoligi doirasidagi missiyasi tashkil etildi.
Missiya davomida 13-standartni (yillik aylanmasi 750 mln ASHQ dollaridan ortiq bo‘lgan transchegaraviy yirik korxonalar tomonidan mamlakatlar kesimida hisobot topshirish) joriy qilish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini Soliq qo‘mitasi mutaxassislari bilan birgalikda ishlab chiqish, hamda O‘zbekistonning BEPS doirasida Kopmleks baholashdan (Peer Review) muvaffaqiyatli o‘tishi bo‘yicha seminarlar tashkil etildi.
“Ernst and Young” xalqaro auditorlik tashkiloti bilan
2025-yilning 11-aprel kuni xalqaro auditorlik tashkiloti “Ernst and Young Kazakhstan” kompaniyasi delegatsiyasi bilan Soliq qo‘mitasi Raisining birinchi o‘rinbosari M.Mirzayev boshchiligidagi vakillar o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda, delegatsiya tomonidan xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish va ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan tadqiqot ishi hamda uning natijasi (Polsha va Ozarbayjonda erishilgan natijalar), transfert narx va xalqaro tajriba bo‘yicha soliq xodimlari malakasini oshirish yuzasidan kelgusidagi hamkorlik, BEPS dasturining 13-standartlarini qo‘llanilishiga doir tajribalari bilan tanishtirildi.
Uchrashuv yakunida, olib borilgan ishchi tartibdagi muzokaralar yakuniga ko‘ra “Ernst and Young Kazakhstan” Soliq qo‘mitasi bilan yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish masalasida yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligi ma’lum qilindi.
PwC bilan
Katta to‘rtlik (Big four) xalqaro auditorlik tashkilotlaridan biri PwC tomonidan 2025-yil 21-may kuni Soliq qo‘mitasi va Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasiga amalga oshirilgan tashrifi davomida tomonlar o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilib, soliq idorasi hamda biznes vakillar o‘rtasida Transfer narxlar bo‘yicha oldindan kelishuv (Advanced Price Agreement, APA) bitimi loyihasi muhokama qilindi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan
2025-yilning 10-iyun kuni Xalqaro valyuta jamg‘armasining “O‘zbekiston Respublikasi soliq siyosatini takomillashtirish” missiyasi doirasida XVJning Fiskal ishlar departamenti bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Shafik Xebous boshchiligidagi delegatsiya va Soliq qo‘mitasi vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda XVJ Fiskal masalalar departamenti Daromadlarni boshqarish bo‘limi katta iqtisodchisi Vinsent Kuk Payzan tomonidan soliq qonunchiligiga rioya qilinishini boshqarish, eksportni boshqarish, aksiz solig‘i, maxsus soliq rejimi, yashirin iqtisodiyot va transchegaraviy elektron tijorat masalalari muhokama qilindi.
2-15 iyul kunlari Xalqaro valyuta jamg‘armasining “Soliq ma’muriyatchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘rganib chiqish va tashkiliy tuzilmalarni yanada takomillashtirish”ga bag‘ishlangan missiya doirasida missiya rahbari Vinsent Kukpayzan boshchiligidagi delegatsiya bilan Soliq qo‘mitasi Raisining birinchi o‘rinbosari M.Mirzayev boshchiligidagi Soliq qo‘mitasi vakillari o‘rtasida keng qamrovli uchrashuvlar o‘tkazildi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi delegatsiyasi tarkibida missiya rahbari, Fiskal masalalar departamentining daromadlarni boshqarish bo‘limi katta iqtisodchisi Vinsent Kukpayzan, soliq ma’muriyatchiligi bo‘yicha xalqaro mutaxassis Charli Jenkins, xalqaro maslahatchi Tiina Tamm hamda XVJning Soliq qo‘mitasidagi xalqaro maslahatchisi Giorgi Kandelaki bo‘ldi.
Uchrashuvda 2025-2030 yillarga mo‘ljallangan strategik reja, soliq ma’muriyati tuzilishi, shtatlar va funksional vazifalar, Soliq qo‘mitasi ish jarayonini samarali tashkil etish, xavflarni boshqarish, Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi ish faoliyati bilan tanishildi hamda muhokamalar o‘tkazildi.
Shuningdek, 4-iyulda XVJ delegatsiyasining Buxoro viloyati soliq boshqarmasiga tashrifi amalga oshirilib, tashrif davomida boshqarma va inspeksiya xodimlarining ish faoliyati, ishlash jarayoni hamda faoliyatning samaradorligi o‘rganildi.
Bundan tashqari, 9-iyulda XVJ delegatsiyasi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari A.Xaydarov hamda Soliq qo‘mitasi Raisining birinchi o‘rinbosari M.Mirzayev boshchiligidagi vakillarga taqdimot o‘tkazildi.
Tashrif 15-iyulga qadar davom etishi hamda ushbu muddatda XVJ delegatsiyasining Bosh Vazir o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov va Soliq qo‘mitasi Raisi Sh.Kudbiyev bilan uchrashuv rejaralashtirildi.
10.11.-21.11.2025
Daromadlarni boshqarish bo‘limi katta iqtisodchisi Vinsent Kukpayzan boshchiligida “O‘rta muddatli daromadlar strategiyasi va QQS ma’murchiligi” masalalariga bag‘ishlangan missiyasi tashkil etildi.
Tojikiston Soliq qo‘mitasi bilan
17-19 sentabr kunlari Tojikiston Soliq qo‘mitasi Raisi o‘rinbosari Raximzoda Abdusalom boshchiligidagi 6 nafar delegatsiya a’zolari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. O‘zbekiston soliq ma’murchiligida erishilgan ijobiy natijalar, soliq qonunchiligida amalga oshirilayotgan islohotlarning o‘ziga xos xususiyatlari, raqamli soliq ma’murchiligi sohasida tajriba almashish hamda soliqlarni to‘g‘ri va samarali yig‘ishga oid tizimli yondashuvlar shuningdek, o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga doir masalalar muhokama qilinildi.
Misr Arab Respublikasi delegatsiyasi bilan
19 sentabr Misr Arab Respublikasi ta’minot va ichki savdo vaziri Sherif Faruk boshchiligidagi delegatsiya hamda Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari A.Fayzibayev va “CRPT TURON” mas’uliyati cheklangan jamiyatining vakilari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda “Asl belgisi” milliy axborot tizimini joriy etish va yo‘lga qo‘yishdagi muvaffaqiyatli tajriba hamda yurtimizda amalga oshirilgan tovar aylanmasini nazorat qilishning ilg‘or usul va texnologiyalari yuzasidan muhokama qilindi.
Xalqaro soliqqa tortish bo‘yicha ekspert Vaxitov Rustam Rafaelevich bilan
Xalqaro soliqqa tortish bo‘yicha ekspert Vaxitov Rustam Rafaelevichning taklifiga binoan soliq organlari xodimlari uchun “Soliqdan bo‘yin tovlashning oldini olish: xorijiy sudlar tajribasi va O‘zbekiston amaliyoti” mavzusida ma’ruza tashkil etildi.
Seminar davomida xorijiy davlatlar sudlari tomonidan soliqdan qochishning oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan choralar, milliy qoidalar hamda xalqaro soliq shartnomalari doirasidagi amaliyot masalalari muhokama qilindi.
Yaponiya xalqaro hamkorlik markazi (JICE) bilan
Yaponiya tomonidan grant asosida taqdim etilayotgan stipendiyaning maqsadlari, unda ishtirok etish shartlari, tanlov bosqichlari shuningdek, nomzodlarning Yaponiyaning nufuzli universitetlarida magistratura (2 yil) va doktorantura (3 yil) dasturlariga muvaffaqiyatli qabul qilinish imkoniyatlari mavzusida ma’ruza tashkil etildi.
“UKLON UB” Xususiy korxona vakillari bilan
IT rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan subyektlar tomonidan taqdim etilgan soliq imtiyozlaridan foydalanish holatini muhokama olib borish yuzasidan uchrashuv tashkil etildi.
IHTT xodimi Tomas Balko “Muhim xomashyo resurslari sektorini soliqqa tortish, soliqdan qochish va transfert narxlar” mavzusi bo‘yicha (04.11.2025)
Xomashyo resurslari sektorini boshqarishda xavfsizlik va shaffoflikni oshirish, ushbu yo‘nalish bo‘yicha amaldagi muammolarni yechish, soliqqa tortishga doir ijobiy tajribalar yuzasidan uchrashiv tashkil etildi.
Xalqaro soliq munosabatlari boshqarmasi
