Haj safari uchun “Prezident hojisi” yo‘llanmasi topshirildi
2026-05-12 15:10:00 / Yangiliklar

Bugun Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov tomonidan 2026-yil muqaddas Haj safari uchun “Prezident hojisi” yo‘llanmasi Karmana tumanida yashovchi, ijtimoiy soha faxriysi Dilmurot ota Xolovga topshirildi.
Dilmurot Xolov uzoq yillar davomida mahalla tizimida mas’ul lavozimlarda samarali faoliyat yuritib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelgan.
Ko‘p yillik halol va fidokorona mehnati uchun u “Shuhrat” medali hamda I darajali mehnat faxriysi kabi yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘lgan. Bugungi kunda ham u mahalladagi “Keksalar maslahati” guruhi raisi sifatida jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etib kelmoqda.
U kishiga “Prezident hojisi” maqomining berilishi uning hayot yo‘li, xalq orasidagi obro‘si va jamiyat taraqqiyotiga qo‘shgan munosib hissasiga ko‘rsatilgan yuksak ehtirom namunasidir.
Tadbir davomida hojilardan muqaddas zaminlarda yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ezgu ishlar bardavom bo‘lishi uchun xayrli duolar qilish so‘raldi.
Barcha hojilarimizning ibodatlari qabul bo‘lib, safarlari xayrli va barakali o‘tsin.



