Geologlar bayrami oldidan: “Zafarobod” kon boshqarmasi
2026-04-06 16:50:00 / Yangiliklar

Hozirda xizmat korxonaning mineral-xomashyo bazasini mustahkamlash maqsadida 12 ta konni o‘zlashtirish ustida ish olib bormoqda.
Geologiya xizmati faoliyati ko‘p qirrali bo‘lib, u uzoq muddatli rivojlanish rejalarini ishlab chiqish, burg‘ilash va qazib olish ishlarini nazorat qilish hamda geologik ma’lumotlarni tahlil qilishni o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda geologlar yangi konlarni o‘zlashtirish texnologiyalarini takomillashtirib, yer osti boyliklaridan samarali foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda bo‘limda 40 nafardan ortiq mutaxassis — geologlar, geofiziklar, marksheyderlar, gidrogeologlar va texnik xodimlar faoliyat yuritmoqda.
So‘nggi yillarda “Zafarobod” kon boshqarmasida markazlashtirilgan “Geologiya va geofizika ishlarini tashkil etish guruhi” tashkil etilib, Petrel dasturi asosida 3D modellashtirish orqali zaxiralarni hisoblash yo‘lga qo‘yildi. Tezkor guruh tomonidan geofizik tadqiqotlar natijalari asosida burg‘ulash ishlariga operativ ko‘rsatmalar berilmoqda.
Modernizatsiya natijasida barcha jarayonlar raqamlashtirilib, kon ustalari planshetlar va maxsus qurilmalar orqali ma’lumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri markazga uzatmoqda. Bu esa boshqaruv samaradorligini oshirib, kon boshqarmasining istiqboldagi rivojiga mustahkam zamin yaratmoqda.



