Navro‘z — milliy qadriyatlarimiz boqiyligining yorqin namunasi
2026-03-21 09:55:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Navro‘z — milliy qadriyatlarimiz boqiyligining yorqin namunasi bo‘lib, muhtaram Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, o‘zining o‘lmas ruhi va umuminsoniy g‘oyalari bilan bashariyat hayotidan chuqur o‘rin egallagan betakror bayramdir.
Uning YUNESKO tomonidan umumjahon nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgani, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 21 martning Xalqaro Navro‘z kuni deb e’lon qilingani ajdodlarimiz zakosiga yuksak ehtirom va e’tirof namunasi bo‘lib, bugungi avlod uchun g‘urur va iftixor manbaidir.
Navro‘zning ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni faqat tabiat uyg‘onishi va kecha-kunduz tenglashishi bilan cheklanmaydi. U, eng avvalo, insonlarni birlashtirish, mehr-oqibat, saxovat va ezgu niyatlarni targ‘ib etishda beqiyos ahamiyatga ega.
Bu bayram asrlar davomida shakllangan ma’naviy merosimizni asrab-avaylab, uni avloddan-avlodga yetkazishga xizmat qiladi. Shuningdek, turli millat va elatlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlaydi.
Shu ma’noda, Navro‘z yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elat vakillarining sevimli bayramiga aylangan. Zero, bu ezgulik timsoli bo‘lgan ayyom shunchaki ommaviy tadbir emas, balki xalqlarni birlashtiruvchi, ular qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlovchi bebaho qadriyatdir.
Navro‘z — umrboqiy xalq an’analari va insoniy fazilatlarni o‘zida mujassam etgan buyuk bayramdir. Uning nufuzi va ahamiyatini asrab, kelajak avlodga boy ma’naviy va madaniy meros sifatida yetkazish har birimizning yuksak mas’uliyatimizdir. Bu esa barchamizdan insoniylik, mehr-oqibat, muruvvat va mehnatsevarlik kabi fazilatlarga sodiq bo‘lishni talab etadi.
Navro‘z ayni paytda mehnat va bunyodkorlik, tabiatni asrash, obodonlashtirish ayyomi hamdir. Shu bois, viloyatimizning barcha hududlarida amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy harakatida faol ishtirok etish, atrof-muhitni asrab-avaylash har birimiz uchun ham qarz, ham farzdir. Zero, Navro‘zning fayzli nafasi barchamizni yangi bunyodkorlik ishlariga, ona zaminimizga mehr bilan xizmat qilishga chorlamoqda.
Aziz yurtdoshlar!
Sizlarni yana bir bor uyg‘onish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi — Navro‘zi olam bilan samimiy muborakbod etaman!
Yangi kun ona zaminimizga to‘kin-sochinlik, har birimizning xonadonimizga qut-baraka olib kelsin!
Ezgu niyat va amallar, mehr-oqibat, mehnatsevarlik va shijoat qalblaringizni tark etmasin!
Har doim sog‘-omon bo‘ling!
Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan, Normat Tursunov,
Navoiy viloyati hokimi.
