Normat Tursunov boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasining Ninsya-Xuey viloyatida
2026-03-16 09:30:00 / Yangiliklar

Delegatsiyaning dastlabki manzili "Bayszitan" milliy tabiat qo‘riqxonasi bo‘lib, cho‘llanishga qarshi kurashish tajribasi bilan tanishildi.
Bayszitan milliy tabiat qo‘riqxonasi Ninsya tajribasining amaliy namunasi hisoblanadi. U yerda qumni mustahkamlash texnologiyalari, muhofaza kamarlari, parvarish ishlari, aholini jalb qilish usullari va ekologik tiklanishni iqtisodiy faollik bilan bog‘lash mexanizmlari joyida ko‘rildi.
Ma’lumot uchun, Ninsya-Xuey avtonom rayoni Xitoyda cho‘llanish xavfi yuqori bo‘lgan hududlardan biridir. Hudud quruq iqlim, shamol eroziyasi, qum ko‘chishi, yer degradatsiyasi va suv tanqisligi ta’sirida uzoq yillar davomida qiyin ekologik sharoitda rivojlangan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1960 yillarda chang-to‘zonli kunlar yiliga o‘rtacha 60 kunni, 1970 yillarda esa 79 kunni tashkil etgan.
Shu bois, Ninsya tajribasi oddiy ko‘chat ekish amaliyoti emas, balki muhandislik yechimlari, davlat siyosati, yerdan foydalanish tartibi, moliyalashtirish va ekologik tiklanishni iqtisodiy faollik bilan bog‘lashning kompleks namunasi hisoblanadi.




