4 gektar maydonda anorchilik loyihasi boshlandi
2026-02-25 14:25:00 / Yangiliklar

Xayrli tadbirda tuman hokimi Alisher Rashidov, viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i Lutfulla Xayrullayev, keng jamoatchilik vakillari hamda mahalla faollari ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida muborak Ramazon oyi munosabati bilan xayrli duolar qilinib, ushbu ezgu tashabbus barakali va samarali bo‘lishi tilab qolindi. So‘zga chiqqanlar mazkur loyiha mahalla ahlining farovonligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Loyiha doirasida maydonga jami 5 ming tup anor ko‘chatlari ekildi. Zamonaviy agrotexnik talablar asosida parvarish qilinadigan bog‘ kelgusida yuqori hosil berishi kutilmoqda. Yetishtiriladigan mahsulot nafaqat ichki bozor ehtiyojini qondirish, balki eksport salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi.
“Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilgan mazkur anorchilik tashabbusi mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi daromadini ko‘paytirish va hudud iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Ramazon oyida boshlangan bu xayrli ish albatta o‘zining munosib samaralarini berishi shubhasiz.


