Bugungi innovatsiya — ertangi taraqqiyot, Karmanada AI asosidagi loyihalar
2025-12-17 15:25:00 / Aqlli shahar

Mazkur tashabbuslar qishloq xo‘jaligi va jamoat infratuzilmasini raqamlashtirish orqali samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish hamda aholiga qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Agrar sohada joriy etilayotgan loyiha doirasida ekin maydonlarini dronlar yordamida masofadan kuzatish, hosildorlikni sun’iy intellekt asosida tahlil qilish, suv va o‘g‘it sarfini optimallashtirish rejalashtirilgan. Ushbu texnologiyalar orqali tuproq holati, o‘simliklarning rivojlanish bosqichi va ehtiyojlari aniqlanib, fermerlarga aniq tavsiyalar beriladi. Natijada ishlab chiqarish xarajatlari kamayib, hosildorlik va daromad oshadi.
Bundan tashqari, aholi turmush sifatini yaxshilash maqsadida zamonaviy “aqlli avto bekat” va tashqi “aqlli o‘rindiqlar” loyihalari ham taqdim etildi. Ushbu infratuzilmalar quyosh energiyasi asosida ishlashi, mobil qurilmalarni quvvatlash imkoniyati, Wi-Fi, videokuzatuv hamda elektron axborot displeylari bilan jihozlanishi rejalashtirilgan. Bu esa aholiga qulay, xavfsiz va zamonaviy sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Karmana tumanida boshlangan ushbu loyihalar davlat siyosatida belgilangan raqamli transformatsiya jarayonlarining amaliy ifodasi bo‘lib, sun’iy intellekt texnologiyalarini real sektor va kundalik hayotga keng joriy etishga zamin yaratadi.
Darhaqiqat, kelajakni raqamli texnologiyalar bilan bugun boshlasak, ertaga uning samarali natijalarini ko‘ramiz. Ushbu tashabbuslar nafaqat bugungi muammolarga yechim, balki barqaror va innovatsion rivojlanish sari muhim qadamdir.


