“Kontexnazorat” tomonidan Buxoro va Navoiy viloyatlari hududlaridagi obyektlarda xizmat tekshiruvlari olib borildi
2025-10-08 12:30:00 / Yangiliklar

Jumladan, Prezident va Vazirlar Mahkamasi topshiriqlarini ijro etish hamda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish doirasida, Inspeksiyaning hududiy boshqarmalarida “Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish va “korrupsiyadan xoli” muhit yaratish bo‘yicha yo‘l xaritasi” asosida xizmat tekshiruvlari o‘tkazilmoqda.
Xususan, Inspeksiya rahbariyati va mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruh Buxoro va Navoiy viloyatlarida xizmat tekshiruvlarini o‘tkazdi.
Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi “Quljuqtov” va Navoiy viloyati Konimex tumanidagi “Tovshan” tog‘ massivlarida joylashgan “Oltin Kon” MChJ tasarrufidagi hududlarda o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida, kompaniya xabarisiz, begona shaxslar tomonidan noqonuniy oltin qazib olish holatlari aniqlangan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan materiallar Davlat xavfsizlik xizmatiga yuborildi va DXX, viloyat IIB bilan hamkorlikda tezkor choralar ko‘rildi. “Quljuqtov” massivida o‘tkazilgan tadbir davomida 37 nafar shaxs noqonuniy faoliyat yuritayotgan paytda qo‘lga olindi.
Tadbir davomida, 3 ta Ford avtomashinasi, 8 ta perforator, 6 ta kompressor va tarkibida oltin moddasi mavjud boʻlgan 400 qopga yaqin ruda va boshqa qoʻlbola yasama asbob-uskunalar ashyoviy dalillar sifatida olindi hamda noqonuniy faoliyat orqali davlat va jamiyat manfaatlariga jami 20 mlrd.soʻmdan ortiq yetkazilgan zarar aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 196²-moddasi (Foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olish) 2-qismi “b” bandi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.




