Foydali qazilma zaxiralari harakati hisobotlarini taqdim etish tartibi
Yer qa'ridan foydalanuvchilarning foydali qazilmalarni qazib olish to'g'risidagi hisobotlarini taqdim etish tartibi "O'zbekiston Respublikasi foydali qazilmalari zaxiralarining davlat balansini yuritish tartibi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida" bilan tartibga solinadi (O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 29 iyuldagi 206-sonli qaroriga 1-ilova).
Yer qa'ridan foydalanuvchilar tomonidan har yili 1 fevralga qadar chegiriladigan zaxiralar (amalga oshirilgan qazib chiqarishlar va yo'qotishlar) hajmi, qazib chiqarish jarayonida isbotlanmagan yoki qo'shimcha ravishda ko'paytirish hisobiga texnik chegaralarning o'zgarishi, zaxiralarni hisobdan chiqarish, O'zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo'mitasi huzuridagi foydali qazilmalar zaxiralari bo'yicha Davlat komissiyasi (keyingi o'rinlarda Davlat komissiyasi deb yuritiladi) qarorlari, shuningdek idoraviy komissiyalarning tezkor hisoblab chiqilgan zaxiralarni sinovdan o'tkazish bo'yicha bayonnomalari asosida o'tgan yil uchun foydali qazilmalar zaxiralarining hisobot balanslari (keyingi o'rinlarda hisobot balanslari deb yuritiladi) tuziladi.
Hisobot balanslari:
qattiq foydali qazilmalar;
yer osti suvlari;
ko'mir va yonuvchi slanetslar;
neft, kondensat, yonuvchi gazlar (jumladan yo'ldosh komponentlar — etan, propan, butan, oltingugurt, geliy) bo'yicha alohida tuziladi.
Hisobot balanslariga quyidagilar aks ettiriladigan tushuntirish xati ilova qilinadi:
birinchi marta davlat balansiga kiritilayotgan konlar uchun — foydali qazilmalar zaxiralarining joylashgan joyi, miqdori, sifati, o'rganilganlik va sanoat yo'sinida o'zlashtirilishi darajasi, rudalarning texnologik xususiyatlari, konlarda qazib olishning konchilik-geologiya, konchilik-texnikaviy, gidrogeologik shart-sharoitlari, texnik-iqtisodiy baholashning asosiy ko'rsatkichlari, qidirib topilgan foydali qazilmalar zaxiralari bilan ta'minlanganligi;
davlat balansida hisobga olingan konlar uchun — konchilik-geologiya va texnik-iqtisodiy xususiyatining yangi ma'lumotlari, foydali qazilmalarning yangi aniqlangan qatlamlari, qazib chiqarilgan foydali qazilmalar miqdori to'g'risidagi ma'lumotlar, mineral xom ashyodan majmuaviy foydalanish, geologiya-qidiruv ishlarining moliyalashtirish manbalarini ko'rsatgan holda foydali qazilmalar zaxiralarining ko'paytirilishi to'g'risidagi ma'lumotlar, shuningdek balansdan tashqari zaxiralarning o'zgarishi (mavjud bo'lganda) va zaxiralarni hisobdan chiqarish sabablari.
Foydali qazilmani qazib chiqarish to'g'risidagi ma'lumotlarda foydali qazilmani kamaytiradigan bo'sh jinslarini hisobga olmagan holda, agar ular balansdagi zaxiralariga kiritilmagan bo'lsa, yer qa'ridan olinadigan mineral xom ashyoning barcha miqdori hisobga olinishi kerak. Hisobot balansida qazib chiqarib kamaytirilgan va tovar rudalari miqdori to'g'risidagi ma'lumotlar aks ettirilmaydi, biroq hisobot balansiga qo'shiladigan tushuntirish xatida keltiriladi.
Qandaydir sabablarga ko'ra, o'tgan yillar uchun ilgari hisobga olinmagan foydali qazilmani qazib chiqarish hisobot yili uchun qazib chiqarish bilan birga ko'rsatiladi, biroq o'tgan yilda qazib olingan xom ashyo izohda ko'rsatiladi.
Agar davlat balansida hisobga olingan kompleks rudalardagi yo'ldosh komponentlar er qa'ridan asosiy foydali qazilma bilan birga qazib chiqarilsa, biroq keyingi texnologik qayta ishlashda yo'qotilsa, izohda hisobdan chiqariladigan zaxiralar qazib olingan, lekin texnologik qayta ishlashda yo'qotilganligini ko'rsatib o'tish zarur.
Quyidagi holatlarda, agar:
foydali qazilmalarni qazib chiqarish balansdan tashqari zaxiralardan amalga oshirilsa va qazib chiqarilgan xom ashyo miqdori sanoatda foydalanilsa, unda qazib olingan xom ashyo miqdori qayta baholashdan o'tgan sifatida hisobga olinadi hamda foydali qazilmalarning balansdan tashqari zaxiralari ushbu miqdorga kamaytiriladi;
balansdan tashqari foydali qazilmalar balansdagi foydali qazilmalar bilan birga qazib chiqarilsa, biroq sanoatda foydalanilmasa yoki kondisionli xom ashyo bilan birga kamaytiradigan jins sifatida qayta ishlab chiqarishga tushgan bo'lsa, foydali qazilmaning balansdan tashqari zaxiralari hisobot yilida qazib chiqarilgan sifatida hisobot balansida kamaytiriladi.
Hisobot balanslari shakllari Davlat geologiya qo'mitasi qaroriga ko'ra, foydali qazilmalar turlari parametrlarining o'ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda tasdiqlanadi. Yer qa'ridan foydalanuvchilar o'z hisobotlarini Davlat geologiya qo'mitasi tomonidan belgilangan shakllar bo'yicha rasmiylashtirishi shart.
Hisobot balansi yuridik shaxs — yer qa'ridan foydalanuvchi rahbari va bosh geologi (bosh muhandisi) tomonidan imzolanadi. Agar yer qa'ridan foydalanuvchi jismoniy shaxs hisoblansa, yagona shaxsning imzosiga ruxsat beriladi.
Qazib olinadigan konlar bo'yicha hisobot balanslari geodeziya va kartografiya faoliyatini amalga oshirish huquqiga lisenziyasi mavjud bo'lganda er qa'ridan foydalanuvchilarning geologiya-marksheyderlik xizmatlari tomonidan tasdiqlanishi kerak hamda O'zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo'mitasi huzuridagi kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspektsiyasi (keyingi o'rinlarda Inspektsiya deb yuritiladi) bilan kelishiladi. Uglevodorodlar konlari va yer osti suvlari bo'yicha hisobot balanslarini yer qa'ridan foydalanuvchilarning tegishli funktsiyalar yuklangan boshqa xizmatlari tomonidan tasdiqlashga ruxsat beriladi.
Yer qa'ridan foydalanuvchilarda geodeziya va kartografiya faoliyatini amalga oshirish huquqiga lisenziyasi mavjud bo'lmaganda, hisobot balanslarini tegishli lisenziyaga ega bo'lgan jalb etilgan korxonalar tomonidan tasdiqlanishiga ruxsat beriladi.
Yer qa'ri uchastkalarini geologik o'rganish va foydali qazilmalarni tajriba-sanoat yo'sinida qazib chiqarish natijalari bo'yicha hisobotlar Davlat komissiyasining foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash (yoki qayta tasdiqlash) bo'yicha tegishli qarorlari nusxalari va idoraviy komissiyalarning tezkor hisoblab chiqilgan zaxiralarni sinovdan o'tkazish bo'yicha bayonnomalari bilan birgalikda taqdim etiladi.
Shuningdek, agar keyinchalik qazib olishda isbotlanmaganligi, texnik chegaralarning o'zgarganligi va boshqa sabablar bilan bog'liq holda foydali qazilmalar zaxiralari konlar bo'yicha qayta hisoblab chiqilgan bo'lsa, hisobotlar Davlat komissiyasining tegishli qarorlari nusxalari bilan birgalikda taqdim etiladi.
Hisobot balanslari uch nusxada tuziladi va yer qa'ridan foydalanuvchilar tomonidan har yili 5 fevraldan kechikmasdan Davlat geologiya qo'mitasi tizimida o'z faoliyatini amalga oshiruvchi Davlat geologiya fondiga yuborish:
noruda foydali qazilmalar bo'yicha — Inspektsiyaning hududiy bo'linmalari;
rudali foydali qazilmalar va uglevodorodlar bo'yicha Inspektsiya tomonidan amalga oshiriladi.
Hisobot balanslari Davlat geologiya fondiga qabul qilingandan keyin bir nusxasi tegishli belgi bilan yer qa'ridan foydalanuvchiga qaytariladi. Ikkinchi nusxasi Inspektsiyaga taqdim qilinishi kerak.
