Asosiy kontentga o'tish

Vazirlik haqida

Vazirlik togʻ-kon sanoati munosabatlarini boshqarish hamda yer qaʼrini geologik oʻrganish, muhofaza qilish, undan foydalanish, shuningdek, togʻ-kon munosabatlarini boshqarish sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi, mazkur yoʻnalishda ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini muvofiqlashtiruvchi hamda tizimidagi rahbarlik faoliyatni yakkaboshchilik asosida tashkil etadigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.

Quyidagilar Vazirlik faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari va vazifalari hisoblanadi:

  • togʻ-kon sanoati va geologiya sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda mazkur yoʻnalishlarda ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish orqali respublikaning mineral-xomashyo bazasini barqaror rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va foydali qazilmalarning yangi konlarini aniqlash, sanoat tarmoqlarining mineral-xomashyo bazasini diversifikatsiya qilish ishlarini tashkil etish;
  • respublikada foydali qazilmalar istiqbolli maydonlarini aniqlash uchun ilmiy-tadqiqot, mintaqaviy geologik tasvirlash, geofizik va burgʻilash ishlarini amalga oshirish hamda foydali qazilmalar zaxiralarini koʻpaytirishda geologiya-qidiruv ishlarining samaradorligini oshirish;
  • respublikada yer osti suvlaridan foydalanish va quduq burgʻilash tizimini yanada takomillashtirish, aholi orasida yer osti suvlaridan foydalanish madaniyatini keng targʻib qilish, ularning miqdor jihatidan kamayib ketishi va ifloslanishining oldini olish ishlarini tizimli yoʻlga qoʻyish;
  • togʻ-kon va metallurgiya sanoatini rivojlantirish, ushbu sohada investitsiya hajmlarini koʻpaytirish asosida yangi ishlab chiqarish obyektlarini barpo etish, foydali qazilmalarni qazib olishni va qayta ishlashni rivojlantirish, ularni ishlab chiqarish va ulardan foydalanishning moddiy balanslarini shakllantirish, shuningdek, sohada ilgʻor texnologiyalarni joriy etish hisobidan yuqori sifatli eksportbop qoʻshilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish ishlarini muvofiqlashtirish;
  • yer qaʼridan foydalanish va sanoat xavfsizligini taʼminlash masalalarida shaffof tizim asosida oʻz vaqtida va sifatli davlat xizmatlarini koʻrsatish, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini takomillashtirish hamda yer qaʼrining davlat fondini yuritish, maʼlumotlar ochiqligini taʼminlash;
  • togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilishda qonunchilikka rioya etilishini taʼminlash, sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish hamda davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish ishlarini tashkillashtirish;
  • qimmatbaho, rangli, qora va noyob metallar, uran, koʻmir va uglevodorod qazib olish hamda qayta ishlash sohasini loyiha va injiniring xizmatlari, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarining oʻzaro bogʻliqligini taʼminlagan holda klaster usulida rivojlantirish;
  • sohada taʼlim, ilm-fan va amaliyot integratsiyasi asosida zamonaviy fikrlaydigan va yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, ularning malakasini doimiy oshirib borish tizimini yaratish hamda xalqaro hamkorlik aloqalarini oʻrnatish hisobiga texnologik tajriba va bilim almashuvini yoʻlga qoʻyish;
  • yirik ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, ulardagi jarayonlarni keng raqamlashtirish va ilgʻor dasturiy taʼminotlardan foydalangan holda, zarur energiya resurslari va muhandislik tarmoqlari bilan uygʻunlikda hududiy infratuzilma dasturlari bilan uzviy bogʻlash;
  • tarmoqlararo kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish orqali sohada import oʻrnini bosuvchi, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini oshirish;
  • sohaga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun tadbirkorlik subyektlariga qulay shart-sharoitlar yaratish va ularni ragʻbatlantirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish boʻyicha qonunchilik hujjatlarini tayyorlash;
  • Vazirlik tizimidagi hamda togʻ-kon sanoati, geologiya va metallurgiya sohasi tashkilotlari faoliyatida kiberxavfsizlikka tahdidlarni aniqlash, ularning oldini olish hamda ularga qarshi taʼsirchan choralar koʻrish boʻyicha tadbirlarni muvofiqlashtirish.

337