“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” Qonun qabul qilindi
2025-05-13 17:25:00 / Yangiliklar
2025-yil 5-may kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” Qonun qabul qilindi.

Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga, shuningdek “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga:
- yer osti suvlariga quduqlarni qonunga xilof ravishda burg‘ilash va xavfli geologik jarayonlarning oldini olishga doir ko‘rsatmalar talablarini bajarmaganlik uchun javobgarlikni;
- yer osti suvlari suv o‘lchash uskunalarisiz olinganda soliqni belgilangan soliq stavkasining besh baravari miqdorida undirishni;
- yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash faoliyatiga ruxsatnomani berishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qonun yer osti suvlaridan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish, yer osti suvlariga quduqlarni burgʻilash faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun yengilliklar yaratish hamda yer osti suvlaridan oqilona foydalanishga xizmat qiladi.
Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 4-martda qabul qilingan, Senat tomonidan 2025-yil 30-aprelda ma’qullangan.
