Senatda “Radioaktiv chiqindilar to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi
2026-11-20 12:10:00 / Yangiliklar
19-noyabr kuni Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisida “Radioaktiv chiqindilar to‘g‘risida”gi Qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi. Muhokamada tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari U. Yusupov, vazirlik hamda tizim tashkilotlarining mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Mazkur hujjat radioaktiv chiqindilar bilan muomala qilish sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish, ularni yig‘ish, tashish, qayta ishlash, saqlash va ko‘mish jarayonlarida xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, aholi salomatligi va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan.

Qonunda radioaktiv chiqindilarning tasnifi, ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari hamda chiqindilar hosil bo‘lishi uchun javobgarlik belgilanmoqda. Shuningdek, radioaktiv chiqindilar bilan bog‘liq faoliyatni davlat hisobiga olish va nazorat qilish, tegishli faoliyat turlarini litsenziyalash, soha ishtirokchilarining vakolatlari va majburiyatlarini belgilash nazarda tutilgan.
Muhokama davomida senatorlar mazkur qonunning qabul qilinishi radioaktiv chiqindilar bilan xavfsiz muomala qilishning huquqiy asoslarini shakllantirish, belgilangan talablarga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish hamda aholi va atrof-muhitni radiatsiya ta’siridan himoya qilishga xizmat qilishini ta’kidladilar.




