Yangi avlod geologlarini tayyorlash masalalari muhokama qilindi
2026-11-19 17:05:00 / Matbuot anjumanlari

Matbuot anjumanida geologiya sohasida zamonaviy kadrlar tayyorlash, ta’lim dasturlarini ishlab chiqarish ehtiyojlariga moslashtirish va amaliy mashg‘ulotlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Bugungi kunda Geologiya fanlari universitetida 2 372 nafar talaba tahsil olayotgani, oliygohda an’anaviy yo‘nalishlar bilan bir qatorda kritik minerallar, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha ta’limni rivojlantirishga e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, talabalarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish maqsadida yirik kon-metallurgiya va geologiya korxonalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, 2026–2027-o‘quv yilida 2–3-bosqichdagi 181 nafar hamda 4-bosqichdagi 74 nafar sohaviy talabani dual ta’limga jalb etish rejalashtirilgani, geofizik va geokimyoviy tadqiqotlar, 3D modellashtirish, geologik ma’lumotlarni raqamlashtirish va ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish yo‘nalishlarida ishlar olib borilayotgani haqida ma’lumot berildi.
Anjuman davomida xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy laboratoriyalardan foydalanish hamda yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Yakunda mas’ullar jamoatchilik vakillarining ta’lim sifati, talabalar amaliyoti, ilmiy izlanishlar va yosh mutaxassislarni tayyorlashga oid savollariga javob berdi.






