Weir Minerals kompaniyasi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-11-18 17:10:00 / Yangiliklar
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari F. Xamidova Buyuk Britaniyaning Weir Minerals kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Timoti Smart, kompaniyaning mintaqaviy boshqaruvchi direktori Rajen Govender hamda boshqa vakillar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston tog‘-kon sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, sohadagi istiqbolli investitsiya rejalari va xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Weir Minerals kompaniyasining O‘zbekiston tog‘-kon korxonalari bilan hamkorligini rivojlantirish, zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish, ishlab chiqarish unumdorligi va operatsion samaradorlikni oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tomonlar ishlab chiqarish jarayonlarining barqarorligini ta’minlashga xizmat qiluvchi innovatsion texnologiyalarni qo‘llash hamda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdilar.



