COP31 doirasida “Iqlim o‘zgarishiga chidamli kelajak uchun barqaror konchilik va kritik minerallar” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi
2026-11-17 16:55:00 / Yangiliklar

Mazkur xalqaro sammitda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda tarmoq korxonalaridan “Navoiy KMK”, “Olmaliq KMK” hamda “O‘zTMK” AJ vakillari o‘z mahsulotlari, ekologiya sohasida erishilgan yutuqlari hamda korxonalar tomonidan ishlab chiqilgan iqlim strategiyalari bilan ishtirok etmoqda.
COP31 sammiti doirasida xalqaro moliya institutlari (XMI) hamda donor tashkilotlarining grant mablag‘larini jalb qilish maqsadida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ishlab chiqarish jarayonlarining ekologik samaradorligini oshirishga qaratilgan 20 ga yaqin loyiha takliflari tayyorlangan. Mazkur loyihalar yuzasidan xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Sessiya doirasida joriy yilning 16-noyabr kuni vazirlik tashabbusi bilan COP31 doirasida O‘zbekiston milliy pavilyonida “Iqlim o‘zgarishiga chidamli kelajak uchun barqaror konchilik va kritik minerallar” mavzusida xalqaro tadbir (side event) tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekistonning kritik minerallar sohasidagi salohiyati, tog‘-kon sanoatini ekologik jihatdan barqaror rivojlantirish, global iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda kritik minerallarning o‘rni hamda ushbu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda “O‘zTMK” AJ, Osiyo taraqqiyot banki (ADB) hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) vakillari ma’ruzalari bilan ishtirok etib, sohadagi dolzarb masalalar va istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Bundan tashqari, sammitda “O‘zTMK” AJ va “Navoiy KMK” AJ Buyuk Britaniyaning Valor Carbon kompaniyasi bilan karbon kreditlarini jalb etish yo‘nalishida hamkorlik memorandumlarini imzoladi. Mazkur hujjatlar karbon kreditlari bozoridagi imkoniyatlarni birgalikda o‘rganish, istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish hamda ushbu yo‘nalishda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.








