“O‘zbek geologiya qidiruv” AJ: aerogeofizika sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda
2026-11-04 16:15:00 / Yangiliklar

Tadqiqotlar O‘zbekistonning tog‘li va cho‘l hududlarini, jumladan, yetarlicha o‘rganilmagan yer qa’rining chuqur qatlamlarini qamrab oladi. Ishlar maxsus uskunalar bilan jihozlangan havo kemalari yordamida amalga oshiriladi. Bunda iCORUS-iX magnit, radiometrik va gravimetrik tadqiqotlari, TEMPEST™ va HeliTEM™ elektromagnit tizimlari hamda FALCON™ gravitatsion gradiyentometriya texnologiyasidan foydalanish rejalashtirilgan. Ayrim texnologiyalar Markaziy Osiyoda mintaqaviy aerogeofizik xaritalash doirasida ilk bor qo‘llaniladi.
Olingan ma’lumotlar sun’iy intellekt va mashinali o‘qitish algoritmlari yordamida qayta ishlanib, geologik hududlarning raqamli 3D modellari yaratiladi. Bu istiqbolli maydonlarni, burg‘ilash quduqlarining joylashuvi va chuqurligini aniqroq belgilash, geologiya-qidiruv ishlariga sarflanadigan vaqt va xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.
Shuningdek, kelishuv doirasida O‘zbekistonning yosh geologlari va muhandislari uchun xalqaro malaka oshirish dasturlari, tajriba almashish hamda geofizik ma’lumotlarni qayta ishlash va talqin qilishning zamonaviy usullari bo‘yicha amaliy treninglar tashkil etish ko‘zda tutilgan.






