Navoiy shahrida sayyor qabul o‘tkazildi
2026-10-30 16:55:00 / Yangiliklar

Unda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi mutasaddilari, “NKMK” AJ rahbariyati va boshqa mas’ul mutaxassislar ishtirok etdi.
Qabul davomida asosan ishga joylashish, mutaxassislik bo‘yicha mehnat faoliyatini boshlash hamda amaldagi ish joyini o‘zgartirish bilan bog‘liq masalalar ko‘tarildi. Xususan, geologiya, konchilik ishi, foydali qazilmalarni boyitish, kimyo texnologiyasi, konchilik elektromexanikasi va boshqa texnik yo‘nalishlarda tahsil olgan fuqarolarning bandligini ta’minlash yuzasidan murojaatlar bildirildi.
Shuningdek, kasbiy malakaga ega yosh mutaxassislarni ishga joylashtirish, ularning bilim va ko‘nikmalaridan ishlab chiqarish jarayonlarida foydalanish imkoniyatlariga oid masalalar muhokama qilindi.
Qabul davomida fuqarolarning murojaatlari atroflicha o‘rganilib, ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi. Ayrim murojaatlar joyida ijobiy hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan masalalar bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, ularning ijrosi nazoratga olindi.



