InnoWeek–2026 doirasida tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida hamkorlik memorandumlari imzolandi
2026-10-30 14:50:00 / Yangiliklar

Geologiya va geofizika instituti, GIDROINGEO instituti hamda Mineral resurslar instituti “NKMK” AJ va “OKMK” AJ bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi. Hujjatlarda mineral resurslarni birgalikda tadqiq etish, mineral-xomashyo bazasini kengaytirish, geologiya-qidiruv ishlarida zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, raqamli modellashtirish va xomashyoni chuqur qayta ishlash, gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi yo‘nalishlarida hamkorlik qilish nazarda tutilgan.
Shuningdek, “Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti” davlat muassasasi va “Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti” o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari ekologik tadqiqotlar olib borish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik xavfsiz texnologiyalarni joriy etishni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, Tog‘-kon sanoatida mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazi Janubiy Koreyaning Jeonbuk Technopark (JBTP) tashkiloti bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar tog‘-kon va metallurgiya sohalarida zamonaviy simulyatorlar hamda dasturiy ta’minotlarni joriy etish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi loyihalarga grant mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi.
Erishilgan kelishuvlar qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalarni rivojlantirish, texnologiyalar transferini kengaytirish hamda yangi ishlanmalarni tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida amaliyotga joriy etishga qaratilgan.







