Gender tenglik masalalari bo‘yicha tarmoq kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi
2026-10-27 17:55:00 / Yangiliklar

Tadbirda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Xamidova, KfW IPEX-Bank GmbH direktori, “Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz” mintaqasi rahbari Yekaterina Galitsina, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Qosimova, vazirlik mutasaddilari, tizimosti korxonalar mas’ullari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda tizim tashkilotlarida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash, rahbarlik lavozimlariga tayyorlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligi va samaradorligi muhokama qilindi.
Vazirlik va uning quyi tizimlarida olib boriladigan ishlar yuzasidan yangi taklif, tashabbus va loyihalar ko‘rib chiqildi. Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda uning tizimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha Tarmoq maslahat kengashi tuzilgani, uning Nizomi tasdiqlangani haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, Tarmoq maslahat kengashi tarkibida Yevropa davlatlari bilan hamkorlik bo‘yicha alohida – “Uzbekistan-Europe Women Leaders Network” hamjamiyati tashkil etildi.
Mazkur tarmoq kengashi yigʻilishi doirasida 25-noyabr - Xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka barham berish xalqaro kuni munosabati bilan “Zoʻravonlikka qarshi 16 kun faollik” turkumi ostida davra suhbati ham oʻtkazildi.









