Toshkentda UIMF 2026 xalqaro tog‘-metallurgiya forumi o‘z ishini boshladi
2026-10-27 16:35:00 / Yangiliklar

Forumni O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Xamidova ochib berdi. Tadbir doirasida mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, investitsiyalarni jalb qilish, xomashyoni chuqur qayta ishlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalariga asosiy e’tibor qaratilmoqda.
“Markaziy Osiyoning yangi resurs arxitekturasi” mavzusidagi birinchi yalpi sessiyada tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Ural Yusupov ishtirok etdi. Muhokamalar davomida mintaqada barqaror sanoat iqtisodiyotini shakllantirish, resurs xavfsizligini ta’minlash, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni rivojlantirish hamda mahsulotlarning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Forum dasturidan, shuningdek, kritik minerallar, tog‘-kon sanoatini raqamlashtirish, intellektual geologik qidiruv, yangi investitsiya mexanizmlari, energiya samaradorligi va ekologik standartlarga bag‘ishlangan mavzuli sessiyalar o‘rin olgan.
Forum bilan bir vaqtda 20-yubiley xalqaro MiningMetals Uzbekistan 2026 ko‘rgazmasi ham o‘tkazilmoqda. 29-oktabrga qadar davom etadigan ko‘rgazmada 15 ta davlatdan 150 dan ortiq kompaniya va tashkilot vakillarining ishtiroki kutilmoqda. Jumladan, Germaniya, Xitoy, Turkiya va O‘zbekiston kompaniyalari foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash, metallurgiya hamda mashinasozlik sohalariga oid zamonaviy texnologiyalar va uskunalarni namoyish etmoqda









