O‘zbek tili va adabiyotiga oid yangi nashrlar taqdimoti o‘tkazildi
2026-09-10 17:05:00 / Yangiliklar

Tadbirni O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori Azizjon Eminov hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Urol Yusupov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Unda mazkur nashrlarning o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganish, milliy ilmiy merosni keng targ‘ib etishdagi ahamiyati qayd etildi.
Taqdimotda Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori, filologiya fanlari doktori Inomjon Azimov hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Zulxumor Xolmanova yangi nashrlarning mazmun-mohiyati, ilmiy qiymati va amaliy ahamiyati haqida ma’lumot berdi.
Xususan, 4 jildlik “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”da buyuk mutafakkirning hayoti, ijodi va boy merosi keng yoritilgan. Shuningdek, imlo qoidalarining tarixiy shakllanishiga bag‘ishlangan kitob hamda o‘zbek tilidagi omonim so‘zlarni jamlagan lug‘atning tilshunoslik tadqiqotlari, ta’lim va amaliy foydalanishdagi o‘rni xususida fikr almashildi.









