Avstraliyada o‘tayotgan Xalqaro Uran Konferensiyasi – 2026dagi ishtirok haqida
2026-10-08 17:25:00 / Yangiliklar

Xizmat safari davomida G‘arbiy Avstraliya mintaqasida joylashgan istiqbolli uran maydonlarida geologik o‘rganish ishlari olib borildi. Jarayon davomida geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish va amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Xalqaro Uran Konferensiyasi – 2026 doirasida Janubiy Avstraliya mintaqasida joylashgan Samphire uran maydonida olib borilgan tajriba-sanoat ishlari natijalari bilan tanishildi. Mutaxassislar maydondagi minerallashuv bosqichlari, geologiya-qidiruv ishlari hamda qazib olish jarayonlariga tayyorgarlikning asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumotlar olishdi.
7 – 8-oktabr kunlari ishchi guruh Adelaida shahrida AQSh, Kanada, Avstraliya, Namibiya, Xitoy, Argentina, Hindiston, Yaponiya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarning 50 dan ortiq kompaniyalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan Global Uranium Conference – 2026 xalqaro konferensiyasida qatnashdi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston uran sanoatining erishayotgan natijalari, “Navoiyuran” DKning ishlab chiqarish salohiyati hamda xorijiy mamlakatlarda uran qazib olish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari haqida taqdimot o‘tkazildi.
Konferensiyadagi muhokamalarda ilg‘or tajribalarni o‘rganish, professional aloqalarni mustahkamlash hamda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashga alohida e’tibor qaratildi.






