Toshkentda GEOMIN 2026 xalqaro konferensiyasi yakunlandi
2026-09-16 17:10:00 / Yangiliklar

Uch kun davomida ishtirokchilar geologik qidiruv va mineral resurslarni o‘zlashtirishning zamonaviy yo‘nalishlariga oid keng ko‘lamli masalalarni ko‘rib chiqdilar. Ikki parallel yo‘nalishda jami 22 ta ilmiy sessiya tashkil etilib, 97 ta ma’ruza tinglandi va 8 ta stend taqdimoti o‘tkazildi. Asosiy e’tibor sohani raqamli transformatsiya qilish, sun’iy intellektdan foydalanish, geologik ma’lumotlarning milliy bazalarini rivojlantirish, 3D-modellashtirish, zamonaviy geofizik texnologiyalar hamda muhim minerallarni izlashning yangi usullariga qaratildi.
GEOMIN 2026 doirasidagi ko‘rgazmada 27 ta mahalliy va xorijiy kompaniya hamda tashkilot o‘z ekspozitsiyalari bilan ishtirok etdi. Unda geologik qidiruv, geofizika, masofadan zondlash, quduqlarni geofizik tadqiq qilish, mineralogiya, geologik ma’lumotlarni raqamlashtirish, sun’iy intellekt va ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish sohalaridagi zamonaviy texnologiyalar, uskunalar va dasturiy yechimlar namoyish etildi.
Konferensiyaning ishbilarmonlik dasturi doirasida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi rahbariyatining xorijiy kompaniyalar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlari ham o‘tkazildi. Ularda hamkorlikni kengaytirish, investitsiyalarni jalb etish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish va mutaxassislar tayyorlash masalalari muhokama qilindi. GEOMIN 2026 doirasida ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, raqamlashtirish va texnologiyalar transferi bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi.
GEOMIN 2026 davlat idoralari, geologiya xizmatlari, ilmiy va ta’lim muassasalari, tog‘-kon kompaniyalari hamda texnologik kompaniyalar vakillari o‘rtasida professional muloqot maydoniga aylandi. Taqdim etilgan ma’ruzalar va muhokamalar amaliy tajriba almashish, zamonaviy raqamli yechimlar va ilg‘or tadqiqot usullaridan foydalangan holda geologik qidiruvni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilish imkonini berdi.
GEOMIN 2026 xalqaro konferensiyasining asosiy dasturi yakunlandi. 17-sentabr kuni konferensiya ishtirokchilari uchun Olmaliq kon-metallurgiya kombinati obyektlariga amaliy tashrif tashkil etilib, uning doirasida ishlab chiqarish obyektlari va geologik ishlarni tashkil etish jarayonlari bilan tanishish rejalashtirilgan.









