Toshkentda GEOMIN 2026 xalqaro konferensiyasining ikkinchi kuni yakunlandi
2026-09-15 17:55:00 / Yangiliklar

Kunning markaziy tadbirlaridan biri “Tog‘-kon sanoati kelajagini qayta belgilash: ESG, ishlab chiqarish amaliyoti va yangi dunyo tartibida ta’minot zanjirlari” (Redefining Mining’s Future: ESG, Operational Reality, and Supply Chains in the New World Order) mavzusidagi panel sessiyasi bo‘ldi. Unda tog‘-kon sanoatining barqaror rivojlanishi, zamonaviy ishlab chiqarish jarayonidagi muammolar hamda global ta’minot zanjirlaridagi o‘zgarishlar muhokama qilindi.
Boshqa mavzuli sessiyalarda sun’iy intellekt, mashinaviy o‘qitish va raqamli texnologiyalarni geologiya-qidiruv ishlariga joriy etish, geologik ma’lumotlarni integratsiya qilish va qayta ishlash, zamonaviy geofizik usullar, aerogeofizik tadqiqotlar hamda konlarni prognozlash va izlashning yangi yondashuvlariga alohida e’tibor qaratildi. Uran, oltin, mis, litiy va boshqa kritik minerallarni izlash va o‘zlashtirish, tabiiy vodorod istiqbollari hamda texnogen mineral hosilalardan foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ma’ruza va taqdimotlar bilan xalqaro ekspertlar, olimlar va mutaxassislar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda tarmoq korxona va tashkilotlarining mas’ul xodimlari ishtirok etdi. O‘zbekiston, Markaziy Osiyo va dunyoning boshqa hududlarida olib borilayotgan tadqiqotlar natijalari taqdim etilib, zamonaviy texnologik yechimlarni amaliyotga joriy qilish bo‘yicha tajriba almashildi.
16-sentabr kuni GEOMIN 2026 xalqaro konferensiyasining yakuniy kuni bo‘lib o‘tadi. 17-sentabr kuni esa konferensiya ishtirokchilari uchun Qalmoqqir koniga dala tashrifi rejalashtirilgan.









