GEOMIN-2026 xalqaro konferensiyasi arafasida o‘tkazilgan xalqaro davra suhbatida geologiyani rivojlantirishning zamonaviy yondashuvlari muhokama qilindi
2026-09-13 18:15:00 / Yangiliklar

Tadbirda O‘zbekiston, Fransiya, Finlyandiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Qozog‘iston, Misr, Turkiya, AQSh va boshqa mamlakatlarning geologiya xizmatlari, ilmiy tashkilotlari hamda sohaviy idoralari rahbarlari va vakillari, shuningdek, xalqaro professional tashkilotlar ishtirok etishdi. Asosiy e’tibor sohani raqamli transformatsiya qilish va tadqiqotlar o‘tkazishning zamonaviy usullariga qaratildi.
Geologik, geofizik va geokimyoviy ma’lumotlarni qayta ishlashda sun’iy intellektni qo‘llash, turli tadqiqot usullarini integratsiyalash, 3D-modellarni va digital twins yaratish masalalari ko‘rib chiqildi.
Vazirning birinchi o‘rinbosari O‘zbekistonda to‘plangan materiallarni raqamlashtirish va ularni Milliy geologik ma’lumotlar bazasiga birlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi. Shuningdek, tadbirda ma’lumotlarning standartlashtirilishi va o‘zaro mos kelishiga, zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etishga hamda geologik qidiruv ishlarida sun’iy intellektdan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Sanoat uchun muhim minerallar, resurslarni tasniflash tizimlari va hisobot standartlarini takomillashtirish, shuningdek, xalqaro investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga alohida urg‘u berildi. Ishtirokchilar ma’lumotlar almashinuvini ta’minlash va yangi loyihalarni amalga oshirish uchun sharoitlar yaratishda milliy geologiya xizmatlarining roli haqida fikr almashishdi.
Shuningdek, yosh mutaxassislarni tayyorlash, xalqaro ta’lim va ilmiy-tadqiqot dasturlarini rivojlantirish, o‘quv jarayoniga geoinformatika, ma’lumotlar tahlili va 3D-modellashtirishni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Tadbir yakunida geologiya xizmatlari va ilmiy tashkilotlar o‘rtasidagi kelgusi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi.









