Toshkentda GEOMIN AI Labs 2026 hakatoni yakuniga yetdi
2026-09-13 14:05:00 / Yangiliklar

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Xalqaro geofiziklar jamiyati (Society of Exploration Geophysicists — SEG) ko‘magida tashkil qilingan GEOMIN 2026 xalqaro konferensiyasi doirasida o‘tgan hakatonning SLB kompaniyasi texnologik hamkor bo‘ldi.
GEOMIN AI Labs 2026 bir necha bosqichda o‘tdi, unda O‘zbekistonda tahsil olayotgan 60 dan ortiq talaba va yosh mutaxassilar ishtirok etishdi. Saralash bosqichi va ishlab chiqilgan loyihalar baholanganidan keyin 10 nafar finalchi o‘z startaplarini ekspertlardan iborat hakamlar hay’atiga taqdimot qildilar.
Ishtirokchilar to‘rtta amaliy topshiriq ustida ishladilar: istiqbolli rux (sink) konlarini aniqlash, oltin miqdorini bashorat qilish, geotermal energetika uchun yer osti haroratini baholash hamda tog‘-kon sanoatining ekologik xavflarini kamaytirishda mashinali o‘qitishni qo‘llash bilan bog‘liq vazifalardir.
Finalda ishtirokchilar o‘zlari ishlab chiqqan modellar, tadqiqot natijalari va ularni amaliyotda qo‘llash mumkin bo‘lgan yo‘nalishlarni taqdim etdilar.
Hakaton yakunlariga ko‘ra quyidagi ishtirokchilar sovrinli o‘rinlarni egallashdi:
🥇 1-o‘rin — Ziyoda Minavarova, Geologiya fanlari universiteti;
🥈 2-o‘rin — Diyora Karimova, “MISiS” milliy tadqiqot texnologik universiteti Olmaliq filiali;
🥉 3-o‘rin — Temirali Sadikov, Olmaliq davlat texnika instituti.
Birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan g‘oliblar SLB kompaniyasida haq to‘lanadigan stajirovkadan o‘tish hamda Data Science, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni qo‘llagan holda sohaning amaliy vazifalarini hal qilishda ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdilar.
Shuningdek, uchta sovrindor GEOMIN 2026 xalqaro konferensiyasiga chiptalar bilan, finalchilar esa esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
GEOMIN AI Labs 2026 tadbirining o‘tkazilishi yosh mutaxassislar, soha vakillari, akademik hamjamiyat va davlat tashkilotlarini bir maydonda birlashtirish hamda geologiya va tog‘-kon sanoatida sun’iy intellekt texnologiyalarini amaliy qo‘llash imkoniyatlarini namoyish etishga xizmat qildi.









