Mintaqalararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi bilan yer osti suvlari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2026-07-29 16:00:00 / Yangiliklar

Muloqotda “O‘zbekgidrogeologiya” DM hamda “GIDROINGEO instituti” DM mutaxassislari ham ishtirok etdi. Tomonlar O‘zbekistonda yer osti suvlaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijalarini ko‘rib chiqdi. Shuningdek, Markaziy Osiyoda suv resurslarini barqaror boshqarish, iqlim o‘zgarishiga moslashish hamda transchegaraviy suv resurslari bo‘yicha amalga oshirilayotgan xalqaro va grant loyihalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Mintaqalararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi o‘rtasida Anglashuv memorandumini imzolashga kelishib olindi.
Hujjat transchegaraviy yer osti suv qatlamlarini o‘rganish, NEXUS (suv–energiya–yer) yondashuvi doirasida geotermal manbalarni rivojlantirish, yer osti suvlari monitoringi tizimini avtomatlashtirish, shuningdek, xalqaro suv diplomatiyasi va suv huquqi yo‘nalishida gidrogeolog mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.





