“Hukumat soati”da yer qa’rini muhofaza qilish, ekologiya va sanoat xavfsizligi masalalari muhokama qilindi
2026-07-08 17:35:00 / Yangiliklar

Ta’kidlanganidek, yer qa’ridan foydalanish jarayonlarini raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, ekologik va sanoat xavfsizligini ta’minlash, buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. 2 mingdan ortiq foydali qazilma uchastkalari bo‘yicha raqamli hisobni yurituvchi “Geomonitoring” axborot tizimi yaratildi. Litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish elektron shaklga o‘tkazildi. Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasidagi jarayonlarning shaffofligini oshirishga qaratilgan raqamli nazorat mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Buzilgan yerlarni qayta tiklash ishlari alohida e’tiborda turibdi. 2025-yilda 2 085 gektar yer rekultivatsiya qilingan bo‘lsa, 2026-yilning birinchi yarim yilligida yana 340,8 gektar maydonda tiklash ishlari amalga oshirildi. Joriy yil yakuniga qadar kamida 1 000 gektar yerni rekultivatsiya qilish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, suvdan foydalanishni hisobga olish tizimi va yer osti suvlaridan foydalanish ustidan nazoratni takomillashtirish ishlari davom ettirilmoqda.
“Hukumat soati” davomida deputatlar muhokama qilinayotgan mavzu yuzasidan vazirga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berdilar. B. Islamov ularning barchasiga batafsil javob va zarur tushuntirishlar berdi.




