Qoraqalpogʻiston Respublikasida birinchi oltin koni oʻzlashtirilmoqda
2024-08-19 17:50:00 / Yangiliklar

Taqdimotlar vaqtida muhtaram Prezidentimiz ishbilarmonlarga har tomonlama madadkor boʻlib, loyihalarni jadallashtirish muhimligini taʼkidladi.
Oxirgi 7 yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 17 trillion 800 milliard soʻmlik 6 ming 784 ta loyiha amalga oshirilgan. Ularning natijasida 56 mingta ish oʻrni yaratilgan. Shu davrda 2 milliard 815 million dollarlik eksport qilingan. Bu yil respublikada umumiy qiymati 874 million dollarlik 470 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Bu izchil davom ettirilib, Qoraqalpogʻistonda xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati 9,5 milliard dollarlik 124 ta loyiha shakllantirilgan. Shundan qariyb 1 milliard 800 million dollarlik 10 tasi davlatimiz rahbariga taqdimot qilindi.
Loyihalarga Xitoy, Saudiya Arabistoni, Germaniya, Rossiya, Ispaniya kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda. Ular energetika, issiqlik taʼminoti, togʻ-kon va kimyo sanoati, qurilish materiallari, xizmat koʻrsatish va boshqa tarmoqlarni qamrab olgan.
Jumladan, Ji An Tai International kompaniyasi bilan Qoraoʻzak tumanidagi Urusay konini oʻzlashtirish (20 mln dollar) boʻyicha texnik iqtisodiy asoslarni tayyorlash bosqichi yakunlanib, ishlab chiqarish quvvatlari barpo etildi.
Hozirda tegishli kon tayyorlash ishlari olib borilib, uskunalar oʻrnatildi hamda 1 mln tonna maʼdan qayta ishlandi va ishlab chiqarilgan oltin, Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga realizatsiya qilindi. Qayd etish joizki, bu Qoraqalpogʻiston zaminidagi ilk oltin koni hisoblanadi.
Shuningdek, Triangul Metals Tebinbulak kompaniyasi bilan Qoraoʻzak tumanidagi Tebinbuloq konini oʻzlashtirish (1,6 mlrd dollar) ishlari olib borilmoqda. “Triangul Metals Tebinbulak” MCHJ XK tomonidan yiliga 58 mln tonna maʼdanni qayta ishlab, 5 mln tonna temir konsentratini ishlab chiqarish orqali 3,6 mln tonna poʻlat xomashyosini ishlab chiqarishga moʻljallangan loyiha ishlab chiqildi.
