Futzal bo‘yicha Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri kubogi musobaqasi o‘tkazildi
2026-06-06 21:15:00 / Yangiliklar

Turnir davomida jamoalar o‘rtasida qizg‘in va murosasiz bahslar kechdi. “Navoiyuran” DK, “O‘zbekko‘mir” AJ, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ hamda boshqa jamoalar g‘oliblik uchun maydonga tushdi.
Musobaqaning final uchrashuvi “Navoiyuran” DK va “O‘zbekko‘mir” AJ jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Asosiy vaqt 3:3 hisobidagi durang natija bilan yakunlandi. G‘olib penaltilar seriyasida aniqlandi va unda “Navoiyuran” DK jamoasi ustun kelib, musobaqa chempioniga aylandi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, ikkinchi o‘rinni “O‘zbekko‘mir” AJ, uchinchi o‘rinni esa “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ jamoasi egalladi.
Taqdirlash marosimida Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri B. Islamov g‘olib va sovrindorlarga kubok hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi. Musobaqa sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, jamoalar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash va xodimlarning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qildi.








