Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitasida yer osti suvlaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish borasidagi ishlar holati muhokama qilindi
2026-04-22 12:15:00 / Yangiliklar

Unda Yer osti suvlaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini Samarqand va Navoiy viloyatlari misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda yurtimizda suv hisoblash vositalarini o‘rnatish va burg‘ilash uskunalarini raqamlashtirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilayotgani, shu bilan birga, mavjud quduqlarning suvidan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomalar rasmiylashtirish, quduqlarga suv hisoblagichlar o‘rnatish, mavjudlarini esa yagona axborot tizimiga ulash ishlari bo‘yicha muammolar mavjudligi qayd etildi. Shu bilan birga, noqonuniy burg‘ilash holatlarini va qo‘lbola uskunalardan foydalanishni oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish yer osti suvlaridan samarali foydalanishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muhokamalarda yer osti suvlaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini kuchaytirish, barcha quduqlarni to‘liq ro‘yxatga olish va raqamlashtirish, “bir quduq — bir ID” tamoyilini joriy etish, suv hisoblagichlarini o‘rnatish va yagona elektron baza yaratish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, yer osti suvlaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishda idoralararo hamkorlikni mustahkamlash va aholi o‘rtasida suvdan oqilona foydalanish madaniyatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi va kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.



