Geologiya sohasi xodimlari kuni munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi
2026-04-09 17:15:00 / Yangiliklar

Unda soha faxriylari, kasb bayrami munosabati bilan davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan geologlar, olimlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Davlat madhiyasi yangradi. Shundan so‘ng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning geologiya sohasi xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Unda mamlakatimiz geologlarining fidokorona mehnati, yer qa’ri boyliklarini o‘rganish va samarali foydalanish borasidagi ulkan xizmatlari alohida e’tirof etildi.
Tadbir davomida Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri B. Islamov so‘zga chiqib, kasb bayrami munosabati bilan yuksak davlat mukofotlariga munosib ko‘rilgan bir guruh geologlar va olimlarni samimiy tabrikladi hamda ularga mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi. Jumladan, ular orasida “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan geolog” faxriy unvoni, “Doʻstlik” ordeni hamda “Shuhrat” medali sohiblari bor.
Vazir o‘z nutqida davlat rahbari tomonidan sohaga qaratilayotgan yuksak e’tibor, tizimli islohotlar, “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri, shuningdek, kon-metallurgiya kombinatlari va geologiya korxonalarida amalga oshirilayotgan yirik investitsion loyihalar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbirda soha faxriylari va davlat mukofoti sovrindorlari ham so‘zga chiqib, hamkasblarini kasb bayrami bilan tabrikladilar, sohani rivojlantirishga oid taklif va tashabbuslarini bildirdilar.








