“Uzbekistan Day” tadbirida Mine-Metal-Market modeli ommaga namoyish qilindi
2026-03-02 17:35:00 / Yangiliklar

“Uzbekistan Day” ko‘plab xalqaro kompaniyalar va soha mutaxassislarining e’tiborini tortib, katta qiziqish uyg‘otdi. Tadbirda 200 ga yaqin kompaniya va institut vakillari, jumladan, Alpha Bronze, xalqaro muhandislik giganti AtkinsRéalis, AGT Systems NA, aerogeofizik xizmatlar bo‘yicha yetakchi Xcalibur, Speyside, Global Mining Capital Corp, Freedom Capital Markets kabi yirik kompaniyalar rahbariyati, AQSh Geologiya xizmati (USGS) hamda Yevropa Komissiyasining kritik xomashyo siyosati yo‘nalishi bo‘yicha vakillari va shu kabi qator nufuzli kompaniya az’olari ishtirok etdi.
Tadbir davomida spikerlar tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangi konlarni o‘zlashtirish, nodir va texnologik metallarni chuqur qayta ishlash bo‘yicha istiqbolli loyihalar, shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar namoyish etildi.
O‘zbekiston texnologik metallar kombinati va xalqaro savdo-investitsiya va sanoat hamkorlik platformasi sifatida faoliyat yurituvchi kompaniya – OMAD International Inc. bilan memorandum imzolandi. Ushbu hujjat investitsiyalarni jalb etish, Kanada tog‘-kon kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish hamda qo‘shilgan qiymat yaratishga va barqaror sanoat rivojiga qaratilgan integratsiyalashgan qiymat zanjiri konsepsiyasi asosida hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, kombinat tomonidan tog‘-kon va geologiya sohasida raqamli transformatsiya, innovatsion infratuzilma va texnoparklar rivojini ta’minlovchi kompaniya – Erdenes IT LLC bilan ham texnoparklarni tashkil etish va rivojlantirish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot tashabbuslarini amalga oshirish, tog‘-kon, geologiya hamda xalqaro marketing yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur kelishuvlar O‘zbekistonning geologik salohiyatini yuqori qo‘shilgan qiymatga ega, global bozorda raqobatbardosh sanoat mahsulotlariga aylantirishga qaratilgan Mine-Metal-Market modelini xalqaro miqyosda izchil ilgari surish hamda mamlakatni kritik minerallar global qiymat zanjirining muhim bo‘g‘iniga aylantirish yo‘lidagi qat’iy yondashuvini yana bir bor tasdiqlaydi.







