Qora metallurgiya sohasida rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi
2026-01-10 17:05:00 / Yangiliklar
2026-yil 10-yanvar kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Metallurgiya Assotsiatsiyasi a’zolarining yillik Umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda mamlakatimizdagi yetakchi metallurgiya korxonalari, davlat organlari, ilmiy doiralar hamda xorijiy hamkorlar vakillari ishtirok etdi.

Umumiy yig‘ilishni Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari F. Hamidova ochib berdi. U o‘z nutqida Assotsiatsiyaning metallurgiya sanoatini rivojlantirish, biznes va davlat organlari o‘rtasida muloqotni mustahkamlash, shuningdek, sohada zamonaviy yondashuvlarni joriy etishda muhim o‘ringa ega ekanligini ta’kidladi.
Tadbirda O‘zbekiston Metallurgiya Assotsiatsiyasi raisi G. Tojimirzayeva, shuningdek, Xitoy, Eron va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan xorijiy hamkorlar ham so‘zga chiqdi.
Umumiy yig‘ilish doirasida jahon qora metallurgiya bozorining rivojlanish tendensiyalari hamda sohaning umumiy va xususan Markaziy Osiyodagi rivojlanish prognozlari muhokama qilindi.









