
Yoshlar siyosati
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida
Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish borasida
amalga oshirilgan tadbirlar
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish, tizimdagi yosh xodimlar bilan ishlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mavjud salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish va yanada rivojlantirish, ma’naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashish maqsadida tizimli choralar ko‘rilmoqda.
Xususan, bugungi kunda, vazirlikning markaziy apparatida 132 nafar yosh xodimlar faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu xodimlarning tashabbuslarini o‘rganish va takliflarini qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy o‘sishi, intellektual rivojlanishi hamda davlat va jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash uchun zarur sharoitlarni yaratish borasidagi ishlarni samarali tashkil qilib borish maqsadida vazirlikda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Yoshlar yetakchilari kengashi tashkil qilingan.
Mazkur kengash, Vazirlik tomonidan soha bo‘yicha qabul qilinadigan dasturlar doirasida, turli yo‘nalishlardagi choralarni, seminar va uchrashuvlarni, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
Xususan, Vazirlik tizimida yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, tizimdagi yosh xodimlarning tashabbuslarini o‘rganish va takliflarini qo‘llab-quvvatlash, ularning har tomonlama rivojlanishi hamda davlat va jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash uchun zarur sharoitlarni yaratish maqsadida, “Rahbar va yoshlar” formatidagi uchrashuvlar muntazam o‘tkazib borilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Jumladan, 2025-yil 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvning kun tartibida davlatimizda so‘nggi yillarda yoshlarga bo‘lgan e’tibor, izchillik bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yoshlarga oid davlat siyosati masalalari bilan bir qatorda, yosh xodimlarning sohaviy va kasbiy o‘sishlari va intellektual rivojlanishlari uchun zarur bo‘lgan sharoitlarni yaratish masalalari o‘rin oldi.
Xuddi shunday, 2025-yil 25-dekabr kuni mazkur formatda o‘tkazilgan uchrashuvning diqqat markazida yoshlarga oid amalga oshirilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish, qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish masalalari bo‘ldi. Masalalar muhokamasi jarayonida yosh xodimlar o‘z qarashlari, fikr va mulohazalari bilan bo‘lishdilar, yoshlarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish borasida takliflar bildirildi, ularni amalga oshirish rejalari kelishib olindi.
Bunday formatdagi uchrashuvlar yil davomida muntazam o‘tkazib borilib, yosh xodimlar fikrlarini tinglash, jamoaviy aloqalarni mustahkamlash, “rahbar va yosh xodim”, “ustoz-shogird” tizimlarini rivojlantirish masalalarida muhim muloqot maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ishga qabul qilingan yosh xodimlarning kasbiy tayyorgarligini mustahkamlash, ularning jamoaga tezkor moslashuvini ta’minlash va vazirlik faoliyatida samarali ishtirokini tashkil qilish, salohiyatlarini rivojlantirish uchun alohida dasturlar joriy qilingan.
Xususan, maxsus seminar-treninglar doirasida, vazirlikning tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari va yosh xodimlar o‘rtasida suhbatlar va amaliy mashg‘ulotlar uyushtirilib, vazirlikning asosiy strategiyasi, faoliyat yo‘nalishlari, maqsad va vazifalari bilan bir qatorda uning ichki tartib-qoidalari, korporativ etika va xulq-atvor me’yorlari, investorlar bilan muloqot qilish va o‘zaro samarali hamkorlik asoslarini shakllantirish hamda boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha tushuntirishlar va muhokamalar o‘tkazilmoqda.
Bundan tashqari, yoshlar bilan ishlash tamoyillari doirasida, xodimlarning shaxsiy va kasbiy rivojlanishlari uchun zarur bo‘lgan bilim va ishchan ko‘nikmalarni yanada mustahkamlash maqsadida, joriy qilingan “Ustoz-shogird” an’anasi asosida haftalik “Kasbiy ma’rifat soati” tadbirlari uyushtirilib, alohida tanlangan yo‘nalish va mavzular bo‘yicha bilim berish, o‘zaro tajriba almashish, egallagan ko‘nikmalarni mustahkamlash hamda amaliyotga tatbiq qilish borasida fikr almashish tajribasi yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, yoshlarning bilim va professional ko‘nikmalari darajasini oshirish va mustahkamlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida, turli rivojlanish dasturlari tizimli ravishda muntazam amalga oshirilib kelmoqda.
Misol uchun, Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika Kengashlarining O‘zbekiston Respublikasidagi filiali hamda AQSH Davlat departamentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha byurosi bilan hamkorlikda tashkil qilingan maxsus ingliz tilini o‘rganish kurslari amalga oshirilib, ularda vazirlik xodimlari keng ishtirok etib kelmoqdalar.
Xuddi shunday, Irlandiyaning nufuzli “Saviday” kompaniyasining mutaxassis va ekspertlarini jalb qilgan holda, investitsiyalarni jalb qilish, eksport jarayonlarini tashkil etish, investitsiya strategiyalarini aniqlash kabi turli yo‘nalishlar bo‘yicha xodimlar uchun maxsus o‘quv dasturi joriy qilingan.
Ta’kidlash joizki, xodimlarning shaxsiy va kasbiy rivojlanishlari uchun bunday seminar va amaliy mashg‘ulotlar yil davomida ko‘plab amalga oshirilib, vazirlik xodimlarida, ayniqsa yoshlarda keng qiziqishlar uyg‘otmoqda.
Jumladan, 2025-yil davomida “White & Case” xalqaro yuridik kompaniyasi bilan hamkorlikda – investitsiyalarni jalb qilish yo‘nalishida, Rossiya Prezidenti huzuridagi Xalq xo‘jaligi va davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda –“Boshqaruv samaradorligini oshirish” moduli bo‘yicha hamda sohaga oid bo‘lgan boshqa turli mavzularda seminar va amaliy treninglar muntazam o‘tkazib kelingan.
E’tiborli tomoni shundaki, bu kabi tadbirlardan xodimlar tegishli mavzularda bilim va malakani oshirish bilan bir qatorda, qiziqarli muhokama va o‘zaro fikr almashish platformasi sifatida ham foydalanish borasida imkoniyatga ega bo‘lmoqdalar.
Tizimdagi yosh xodimlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish va yanada oshirish, qiziqishlarini qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilayotgan muloqot-uchrashuvlar jarayonlariga taniqli olimlar, tadbirkorlar, startap loyihalari tashabbuskorlarini taklif qilish amaliyoti joriy qilingan.
Misol uchun, joriy yilning 28-fevral kuni Vazirlik rahbariyati va yosh xodimlar o‘rtasida “Yoshlar – kelajak bunyodkorlari” shiori ostida tashkil qilingan uchrashuv tashkil qilinib, unga Yoshlar ishlari agentligi direktori, Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, Yoshlar ittifoqi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi boshqarmasi boshlig‘i, “korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘i asoschisi, “Ibrat Farzandlari”, “Mutolaa”, “Ustoz AI”, “UzChess va Milliy karaoke” startaplari asoschilari va boshqa ekspertlar taklif etildi. Tadbirda so‘zga chiqqan spikerlar mamlakatimiz rahbariyati tomonidan yoshlarni har tomonlama rivojlantirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, yoshlar salohiyatini har tomonlama ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish masalalariga to‘xtalib o‘tdilar.
Tadbir so‘ngida vazirlikning eng faol yosh xodimlariga hamda ishlab chiqarish va eksport faoliyatida salmoqli natijalarga erishgan tadbirkorlarga faxriy yorliqlar topshirildi.
Tizimdagi yoshlarda sog‘lom turmush tarziga intilishni shakllantirish, shuningdek yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va yoshlar sportini ommaviy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Misol uchun, vazirlik jamoasi orasida ommaviy sport turlariga qiziqishni shakllantirish maqsadida, 2025-yilning 7-11-aprel kunlari vazirlikning xodimlari ishtirokida stol tennisi va shaxmat bo‘yicha musobaqalar tashkil qilindi. Ishtirokchilarda haqiqiy bellashuv ruhini hosil qilish maqsadida musobaqalar yutuq jamg‘armalari shakllantirildi va g‘oliblarga esdalik sovrinlar topshirildi.
Shuningdek, kadrlar, ayniqsa yoshlarning salohiyatini rivojlantirish, jamoaviy hamkorlik madaniyatini shakllantirish hamda ijodiy fikrlashni rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan choralar doirasida 2025-yil 22-oktyabr kuni vazirlik xodimlari ishtirokida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi. Mazkur tadbirda Vazirlikning tarkibiy bo‘linmalari vakillari o‘zlarining yuqori saviyadagi bilim, tezkor fikrlash va jamoada ishlash ko‘nikmalarini namoyon etdilar. Bellashuv yakunida eng faol va tashabbuskor jamoalar faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Xuddi shunday, 2025-yil 7-noyabr kuni Vazirlikda “O‘zbekiston kasaba uyushmalari – 120-yil xalq bilan” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan madaniy-ma’rifiy tadbir uyushtirildi. Tadbir doirasida tashkil qilingan amaliy seminar hamda sportning stol tennisi, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda vazirlik xodimlari keng ishtirok etdilar.
Vazirlikda faoliyat yuritayotgan rahbar va mutaxassislar ishtirokida “team building” tadbirlari muntazam tashkil etib kelinmoqda. Xususan, joriy yil 14-iyun kuni Toshkent viloyatidagi “Zamona Rano Eco Village” majmuasida uyushtirilgan tadbir davomida vazirlikning rahbarlari va xodimlari birgalikda tabiat qo‘ynida madaniy hordiq chiqarish bilan bir qatorda, qiziqarli dasturlar va musobaqalarda ishtirok etdilar.
Ta’kidlash joizki, bunday tadbirlar xodimlarga, ayniqsa yoshlarga yaxshi kayfiyat ulashish bilan bir qatorda, ularda jamoaviy birdamlik, hamjihatlik fazilatlarini mustahkamlashga katta hissa qo‘shadi.
Tizimdagi yoshlar Vazirlik tomonidan mamlakatimizda keng nishonlanadigan bayram va muhim sanalar arafasida uyushtirilayotgan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlarga keng ishtirok etib kelmoqdalar.
Misol uchun, 2025-yilning 14-fevral kuni so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 584-yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542-yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir uyushtirildi. “Alisher Navoiy va Bobur ijodi – beqiyos ma’naviy xazina” mavzusida o‘tkazilgan mazkur tadbirga Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi xodimi Farog‘at Xudoykulova bilan suhbat tashkil etildi.
2025-yil 21-oktyabr – O‘zbekiston Davlat tili kuni arafasida tashkil etilgan tadbirga shoir Sirojiddin Raupov taklif etilib, milliy o‘zlikni anglash va ma’naviy qadriyatlarni shakllantirishda ona tilining o‘rni haqida so‘z yuritildi, yoshlarni savodli nutq va so‘zga muhabbat ruhida tarbiyalash borasida suhbat uyushtirildi.
Xuddi shunday, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34-yilligini keng nishonlash tadbirlari doirasida joriy yil 29-avgust kuni “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuvda Vazirlik rahbariyati tomonidan tizimdagi yosh xodimlarga yurtdoshlarimiz uchun eng aziz bo‘lgan bayramning ahamiyati, sohada erishgan yutuqlar, amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar to‘g‘risida so‘z yuritildi. Tadbirda yuklatilgan vazifalarni bajarishga sidqidildan va yuqori mas’uliyat bilan yondashgan, o‘z faoliyatida jonbozlik va kasbiy mahoratini namoyish qilgan bir guruh yosh xodimlar Faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar.
Shuningdek, mazkur bayram tadbirlari doirasida, xalqimiz qahramonligini aks ettiruvchi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga Vazirlik jamoasining bir guruh yosh xodimlarining tashrifi uyushtirildi. Tashrif davomida xodimlar mustaqillik yillarida mamlakat himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasiga bag‘ishlangan “Millat fidoyilari” xiyobonining ziyorat qildilar, «Shon-sharaf» davlat muzeyi ekspozitsiyalari va o‘zbek xalqining qahramonligini aks ettiruvchi shonli tarix bilan yaqindan tanishdilar.
Bu kabi tadbirlar 2025-yilning 18-noyabr kuni Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 34-yilligi munosabati bilan “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” shiori ostida, 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kuni, 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni, 10-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kuniga bag‘ishlab ham o‘tkazildi.
Shubhasiz, mazkur tajriba yoshlar bilan samimiy suhbatlarni uyushtirish, ularda haqiqiy vatanparvarlik va aloqadorlik ruhini shakllantirishga, shaxsiy rivojlanishlariga xizmat qilmoqda.
O‘z navbatida, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tizimida yoshlarga oid siyosatni amalga oshirish doirasida yosh xodimlar bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazish, shuningdek, ularda respublikamizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga aloqadorlik hissini shakllantirish va oshirib borish, o‘z salohiyatlarini ochish va namoyon qilish maqsadida turli tadbirlarga keng jalb qilish tizimli ravishda 2026-yilda ham davom ettiriladi.

