Vazirlik haqida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 2022-yil 24-dekabrdagi PF-269-son Farmoni bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi negizida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tashkil etilgan.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari quyidagilar:
yagona davlat investitsiya siyosatini amalga oshirish, investitsiya muhitini yaxshilash, tarmoq va hududlarning investitsiya salohiyatini rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoq va sohalariga investitsiyalar, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilishni jadallashtirish, investitsiya loyihalarining samaradorligini ta’minlash;
xalqaro iqtisodiy va moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish, respublikaga tashqi beg‘araz ko‘mak (grantlar, texnik ko‘mak) mablag‘larini jalb qilish sohasida yagona davlat siyosatini shakllantirish va muvofiqlashtirish;
davlat sanoat siyosatini amalga oshirish, sanoatni diversifikatsiya qilish va raqobatbardoshligini oshirish, asosiy turdagi mahsulotlar, xomashyo va materiallarni ishlab chiqarish va iste’mol qilish moddiy balanslarini shakllantirishda ishtirok etish, hududlarning sanoat salohiyatini oshirish, maxsus iqtisodiy zonalar va sanoat zonalari faoliyatini rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish;
sanoatning asosiy yo‘nalishlari, shu jumladan kimyo, mashinasozlik, avtomobilsozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik, ipakchilik, charm-poyabzal, zargarlik, oziq-ovqat sanoati tarmoqlarida, qurilish materiallari, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish va realizatsiya qilish sohasida davlat sanoat siyosatini amalga oshirish, shuningdek, ushbu sohalarga xalqaro standartlarni joriy qilish ishlarini muvofiqlashtirish, ishlab chiqarish faoliyati turlarini litsenziyalash;
savdo sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, bozor holatini monitoring va tahlil qilish, ishlab chiqarish jarayonlariga xalqaro talablarga mos texnik reglamentlarni joriy etish, tashqi savdoni tartibga solishni muvofiqlashtirish hamda elektron tijoratni rivojlantirish;
tashqi savdo infratuzilmasini rivojlantirish, shu jumladan eksport marshrutlarini ko‘paytirish, eksportni qo‘llab-quvvatlash, ichki va tashqi bozorlarda marketing tadqiqotlarini o‘tkazish;
xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, mamlakatning tashqi iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish va boshqa iqtisodiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro hamda xorijiy moliya va iqtisodiy institutlardagi doimiy vakillari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalarida tashqi iqtisodiy faoliyat masalalari bilan shug‘ullanuvchi xodimlarning faoliyatini muvofiqlashtirish.
