Surxondaryolik soha tadbirkorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-06-19 19:15:00 / Vazirlik yangiliklar

Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva boshchiligida Surxondaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasi tadbirkorlari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda tadbirkorlar tomonidan qurilish va loyihalash faoliyatiga oid qator masalalar ko‘tarildi. Jumladan, arxitektura-rejalashtirish topshiriqlarini olish, loyiha-smeta hujjatlarini kelishish jarayonlarini tezlashtirish, arxitektura-shaharsozlik kengashi xulosalarini rasmiylashtirish, obyektlarni rekonstruksiya qilish va ularning funksional yo‘nalishini o‘zgartirish bilan bog‘liq murojaatlar muhokama qilindi.
Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan mulk huquqlarini himoya qilish, qurilish va obodonlashtirish ishlari uchun ruxsatnomalar olish hamda mavjud ijtimoiy obyektlar hududida qo‘shimcha infratuzilma yaratishga oid taklif va tashabbuslar bildirildi.
Ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgan muloqot davomida har bir murojaat yuzasidan mas’ul mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berilib, masalalarni amaldagi qonunchilik talablari asosida hal etish hamda tadbirkorlarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha zarur choralar belgilab olindi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hududlarda tadbirkorlik subyektlari bilan muntazam muloqotni davom ettirib, sohada yuzaga kelayotgan muammolarni joyida o‘rganish va ularni bartaraf etishga qaratilgan ishlarni izchil olib bormoqda.



