Bekobod tumanida qurilish ishlari o‘rganildi
2026-04-20 20:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Ayni paytda vazir o‘rinbosari Toir Alimatov Toshkent viloyatining Bekobod tumanida ijtimoiy soha obyektlari, umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida olib borilayotgan qurilish jarayonlarini ko‘zdan kechirmoqda. Xususan, 32-maktabni investitsiya dasturi doirasida kapital ta’mirlash ko‘zda tutilgan bo‘lib, hozirda ishlar jadal olib borilmoqda. Biroq ishni belgilangan loyiha asosida bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani ham bor gap.
“Ertamiz egalari bo‘lgan o‘g‘il-qizlar ta’lim oladigan bunday muassasalarni qurishda xato qilishga haqqimiz yo‘q. Bu borada avvalo, sifat birlamchi vazifamiz bo‘lishi shart”, - dedi vazir o‘rinbosari.
Aniqlangan kamchiliklarni tez fursatda hal etish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi. T.Alimatovning hudud bo‘ylab o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Xabar berganimizdek, ayni paytda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Toir Alimatov Toshkent viloyatining Bekobod tumanida ijtimoiy soha obyektlari, umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida olib borilayotgan qurilish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.
Xususan, 22-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyati ham o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida bir qator kamchiliklar aniqlandi. Jumladan, bino kirish zinapoyalari loyiha hujjatlarida ko‘rsatilgan talablar asosida bajarilmagani, xonalar pol qoplamalari loyiha talablari darajasida amalga oshirilmagani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, zinapoyalarni payvandlash jarayonida ham texnik xato va kamchiliklar borligi qayd etildi.
T.Alimatov tomonidan mas’ullarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, qurilish ishlarini belgilangan me’yorlar hamda loyiha talablari asosida sifatli bajarish borasida ko‘rsatmalar berildi.





