Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (Rasmiy munosabat)
2026-04-09 16:40:00 / Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim sahifalarda “Paynet” kvitansiyalariga tayanib, “Mening uyim” ilovasi orqali boshqaruv organlariga (BSK, shirkat va b.) to‘lov qilsa, 2 foiz komissiya undirilayotgani haqida yanglish ma’lumot tarqalmoqda.
Aslida ushbu ma’lumot mulkdorlarni chalg‘itadi.
Videoda ko‘rsatilgan 2 foiz komissiya “Mening uyim” ilovasining emas, balki “Paynet” to‘lov tashkiloti tomonidan belgilangan xizmat haqi hisoblanadi.
Ma’lumki, majburiy badal (kvartplata) to‘lovlari vositachi to‘lov tashkilotlari, ya’ni turli ilovalar orqali amalga oshirilganda, ushbu tashkilotlar tomonidan qo‘shimcha xizmat haqi undirilishi mumkin. Chunki ular xususiy operatorlar bo‘lib, komissiya miqdorini mustaqil ravishda belgilaydi.
Umuman olganda, har bir fuqaro foizsiz to‘lov qilishi ham mumkin. Buning uchun boshqaruv kompaniyasiga bevosita murojaat qilib, to‘lovni to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirishi lozim. Bunda qabul qilingan mablag‘lar tegishli terminallar orqali rasmiylashtirilib, avtomatik tarzda mulkdorning “Mening uyim” tizimidagi shaxsiy hisob raqamiga tushadi.
Shu bilan birga, vositachi bo‘lgan to‘lov tashkilotlari ichida muqobil to‘lov usullari ham mavjud.
Xususan:
• boshqaruv organining hisob raqami joylashgan bank kassalarida "Munis" tizimi orqali bank to‘lov xizmatlari — 0,5 foizgacha (bank bilan kelishuvga muvofiq bepul ham bo‘lishi mumkin);
• "Mening uyim" billing tizimi (my.kommunal.uz) va mobil ilovasi— 1 foiz;
• “Payme” — 1 foiz;
• “Mykommunal” — 1 foiz;
• “Zumrad” — 1 foiz;
• “Paynet” — 2 foiz.
Fuqarolar o‘zlari uchun eng qulay va iqtisodiy jihatdan maqbul bo‘lgan to‘lov usulini tanlashlari mumkin.
Alohida ta’kidlash joizki, Prezidentning 48-son qaroriga muvofiq, barcha to‘lov tizimlari uchun “Mening uyim” platformasiga “Munis” orqali teng va ochiq ulanish imkoniyati yaratilgan.
